Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Moziy gigantlari to‘qnashuvi. O‘xshash ko‘rsatgichlar, darajadagi tenglik va jiddiy yo‘qotishlar

Moziy gigantlari to‘qnashuvi. O‘xshash ko‘rsatgichlar, darajadagi tenglik va jiddiy yo‘qotishlar

Baho:
+ | -

Bugun oqshomda “Old Trafford“ da qit’aning ikki giganti, ko‘p yillik shonli tarixga ega ikki zalvorli klub o‘zaro to‘qnash kelishadi. Ikkala jamoa ham milliy chempionatda peshqadam ta’qibchisi sifatida ikkinchi o‘rinning asosiy da’vogarlari.

Yaqin o‘tmishda sovrinlar, natijalar, muxlislar etrofi kabi bir qancha kreteriyalarda eng yuqori cho‘qqini zabt etgan “MYU“ va Italiya futbolining yirik bayroqdorlaridan biri “Milan“ ham zamonaviy ham samarali boshqaruv ostida eski shon-sharafni qaytarishga jiddiy bel bog‘lagan.

“Manchester Yunayted“ 11 yildan so‘ng yana Yevropaning ikkinchi darajali musobaqasida “Milan“ bilan uchrashdi - bu esa ularda bir necha yil davom etgan tanazzulining sekin astalik bilan yo‘qolayotganidan dalolatdir.

Tomonlar ayni ushbu turnir doirasida o‘zaro 10 marotaba ro‘baru kelishgan bo‘lib, shundan uchtasida “Milan“ zafar quchgan bo‘lsa, uchta o‘yin MYUning g‘alabasi bilan yakunlangan. Shu o‘rinda, Manchesterliklar o‘z maydonlarida italiyalik raqiblariga qarshi avval bo‘lib o‘tgan beshta o‘yinning to‘rttasida g‘alaba qozonishgan. Ikkala jamoa ham Yevropa Ligasida to‘p tepish tajribasiga ega bo‘lsada, ingliz jamoasining toshi og‘irroq. Ya’ni ular 2017 yilda Joze Mourino murabbiyligida chempionlik nashidasini surishgan.

“Milan“ esa o‘z tarixida biron marta finalga ham yetib bora olmagan. Bunga eng yaqin kelingan yillar 1971/1972 va 2001/2002 yilgi mavsumga to‘g‘ri keladi. “Old Trafford“dagi ushbu o‘yin oldidan “MYU“ barcha musobaqalarda, mehmonda qayd etilib turgan 21 o‘yinlik g‘alabali seriyani davom ettirgan holda “Manchester Siti“ni (2:0) taslim etdi. Biroq, shunga qaramay, Ole Gunnar Sulsher shogirdlari o‘z hamshaharlaridan 11 ochkoga ortda qolmoqdalar.

Ammo, jamoa ancha qoniqarli ko‘rsatgichlar qayd etmoqda. Ular yanvar oyi oxiridan buyon ketma-ket 11 o‘yinda mag‘lub bo‘lishmayapti. “Manchester Yunayted“ nimchorak final yo‘llanmasini “Real Sosedad“dan tortib oldi. Dastlabki uchrashuvda raqib darvozasiga to‘rtta gol kiritgan “qizillar“ javob uchrashuvida 0:0 hisobidagi murosa ko‘chasini tanlashdi. Bu galgi raqib ancha jiddiy shunday ekan, ikki o‘yinning ham natijasi birdek ahamiyatli.

“Milan“

Mavsumning ikkinchi yarmiga kelib, jarohatlardan nisbatan ko‘proq aziyat chekkan “Milan“ning natijalari biroz qoniqarsiz ahvolga kelgandek taassurot uyg‘otmoqda. “Rossonerilar“ barcha musobaqalardagi so‘nggi yettita o‘yinning atigi ikkitasida g‘alaba qozonishdi, shuning o‘zi ham ashaddiy raqobatchi “Inter“ga chempionlikni boy berish uchun yetarli bo‘lishi ham mumkin. Jamoa Italiya kubogini tark etgan bo‘lsa ham, o‘zi ishtirok etayotgan ikkita musobaqada sovrindor bo‘lish imkoniyatini saqlab turibdi.

So‘nggi ikki bahs davomida “Milan“ “Roma“ va “Verona“ga qarshi g‘alabani naqd qildi va o‘ziga bo‘lgan ishonchi ma’lum ma’noda qaytarib oldi. Ushbu natija klubning qiyinchiliklarga qarshi turg‘unligini namoyish etdi. “Milan“ning yangi tarkibi o‘tgan yozda shakllangani va jamoa qisqa muddat ichida o‘z o‘yinini yaxshilab borayotgani bois, “Milan“ A Seriya peshqadamligi emas, vise chempioni uchun ajratilgan joydan o‘rin olgan.

Ya’ni ular musobaqa turnir jadvalida 56 ochko bilan, 62 ochko jamg‘argan “Inter“dan keyin ikkinchi o‘rinda borishmoqda. Milanliklar 1/8 final bosqichiga “Srvena Zvezda“ni mag‘lub etgan holda yetib kelishdi. “Milan“ avtogol, ikkita penalti va mehmonda urilgan gol faktorlari evaziga zafar quchgan bo‘lsada jamoaning asosiy kamchiliklari Serbiya klubiga qarshi kechgan ikki o‘yinda ko‘rinib qoldi. Shu boisdan aytish mumkinki, endi bu yog‘iga jamoa bunday kechirimli raqibga duch kelmaydi, xususan bugun tunda ham.

Yuqotishlar

Angliyadagi qarama-qarshilik oldidan “Manchester Yunayted“ tarkibida bir nechta yo‘qotishlar mavjud. Markus Reshford yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan Manchester derbisida to‘pig‘idan jarohat oldi, sekin-asta yuqori sport formasiga chiqib borayotgan Edinson Kavani ham ayni shu sabab bilan o‘tgan haftadagi mashg‘ulotlarni o‘tkazib yubordi.

“Ayaks“ bilan sobiq Yevropa Ligasi finalchisi Donni Van De Bek esa jamoasining so‘nggi beshta o‘yinida maydonga tusha olmaydi. Shuningdek, Pol Pogba, Xuan Mata va Fil Jonslar ham uchrashuvni o‘tkazib yuborishadi. Jamoaning birinchi raqamli darvozaboni David De Xea esa ota bo‘lganidan so‘ng, hali hamon Ispaniyada bo‘lib turibdi, bu esa so‘nggi ikkita o‘yinda “MYU“ darvozasi dahlsizligini saqlab qolgan Din Xendersonga yana bir o‘yin amaliyotini taqdim etadi.

O‘z o‘rnida mehmonlar ustozi Stefano Pioli ham rotasiyalar amalga oshirishga majbur. Boisi, “Milan“ yana jarohat olgan Zlatan Ibragimovich va Ismoil Bennacerisiz qolishi kutilmoqda. Aslida, ushbu futbolchilarning safga qaytishi haqida ba’zi taxminlar mavjud edi, biroq buning amalga oshish ehtimoli juda kam.

Shuningdek, Rebich va Manjukichlar ham qaydnomaga kiritilmagan. Murabbiy, Rafael Leao bilan birga Manchesterdagi o‘yin uchun hujumchilar ro‘yxatiga hali debyut qilmagan 20 yoshli Toninni ham kiritgan. "Rossonerilar" yarimhimoyada Chalxanuglu va himoyada Teo Ernandesning ham yordamidan foydalana olishmaydi. Albattaki, bu “MYU“dek raqib bilan uchrashish uchun ideal holat emas.

Asosiy tarkiblar

"Manchester Yunayted" – Xenderson, Bayi, Uan-Bissaka, Maguayr, Telles, Brunu Fernandesh, Djeyms, Maktomini, Matich, Grinvud, Marsyal.

"Milan" – Donnarumma, Tomori, Diogu Dalot, Kyer, Kalabriya, Meyte, Kessie, Salemakers, Krunich, Braim Dias, Rafael Leau.

Xulosa o‘rnida, ushbu ikkala jamoa o‘z davrida Yevropa futboli brendiga aylangani, takrorlanmas natijalar bilan eng salmoqli sovrinlarga ega chiqqani, yillar o‘tsada, juda ko‘pchilik uchun hali hamon eng suyukliligicha qolayotgani uchun ham bugungi bahs muxlislar orasidagi katta yoshlilar qatlami uchun yoqimli xotiralar kitobini ochishga sabab bo‘lishi, shubhasiz.


Dadajon Foziljonov tayyorladi

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 22:35, 11.03.2021.
O'qildi: 4988 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.