Hozirgi kunda "Liverpul"ning Angliya Premer ligasidagi ishlari ko‘ngildagidek emas. Jamoa ayni paytda ichki chempionatda kuchli to‘rtlikka kirish uchun harakat qilmoqda. Chunki, ushbu o‘rinlardan joy ololmasa, keyingi mavsumda Chempionlar Ligasida qatnashishi so‘roq ostida bo‘lib qoladi. Lekin, shuni unutmangki, "Manchester Siti" chempionat oltin medallarini matematik tarzda qo‘lga kiritmaguncha, "Liverpul" hanuzgacha amaldagi chempion bo‘lib qolaveradi. Garchi, shu kunlarda "qizillar"ning omadi uncha kelmayotgan bo‘lsa-da, lekin dunyoda mazkur jamoaning muxlislari juda ham ko‘p. Shuningdek, "mersisaydlar" libosi ostida maydonga tushishni xohlayotgan o‘nlab, hatto yuzlab iqtidorli futbolchilar topiladi.
Bugun biz sizlarga tahminlarimiz orqali emas, balki o‘z intervyulari orqali "Enfild"da to‘p surishni xohlashini aytgan futbolchilar haqida suhbatlashamiz. Ular kimlar va mazkur futbolchilar "Liverpul"da o‘ynashi uchun qanday imkoniyatga egami? Keling, hozir birgalikda shu haqida fikr yuritamiz.
Martin EDEGOR
Yoshi: 22 yoshda
Fuqaroligi: Norvegiya
Klubi: "Real Madrid" (Ayni paytda "Arsenal"da ijarada)
Londonning "Arsenal" muxlislari uchun ushbu satrlarni o‘qish qanchalik yoqimsiz bo‘lmasin, ammo hozirda "kanonirlar" safida to‘p surayotgan Martin Edegorni to‘p surayotgan jamoasining muxlisi deyish qiyin. Darhaqiqat, norvegiyalik yarim himoyachi norvegiyaning "Stromsgodset" jamoasida o‘ynab yurgan payt, intervyularidan birida "Liverpul" Tumanli Albiondagi eng sevimli jamoasi ekanligini aytib o‘tgandi: "Liverpul" har doim mening orzuimdagi klub bo‘lib kelgan. Ammo bu mening yangi klub tanlash qarorimga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ymayman. Hammasi menga va mening rivojlanishimga mos keladigan jamoani topish bilan bog‘liq", - degandi Edegor.
Barchamizga ma’lumki, 2015 yil yanvar oyida yosh Edegor 3 million yevro evaziga "Real"ga ko‘chib o‘tdi, ammo o‘shandan beri, iste’dodli va kelajagi porloq futbolchi deb qaralgan bo‘lsa-da, haligacha Madrid klubida o‘z so‘zini aytib ulgurmagan. O‘tgan mavsumda Martin "Real Sosyedad" safida ijarada o‘ynadi. Mazkur jamoa safida norvegiyalik o‘zini har tomonlama namoyish etdi. Ammo, 2020/21 yilgi mavsumda "qaymoqranglilar" safiga qaytib kelgan futbolchiga yana zaxira o‘yinchisi sifatida qaralaverdi. Shu sababli, yanvar oyida "Real Madrid" rahbariyati Edegorni "Arsenal"ga ijaraga berib yuborishga qaror qildi. Hozirda futbolchi Londonda o‘zini juda yaxshi his qilib, ketma-ket uchrashuvlarda maydonga tushib, jamoasiga yordam berib kelmoqda.
Muhimi tomoni, Edegor "Arsenal"da va APLda o‘zini ko‘rsatish uchun yetarlicha imkoniyati bor. Ehtimol, norvegiyalik futbolchi Angliya chempionatida o‘zini iqtidorini namoyish eta olsa, balki keyingi yillardan uni "Enfild"da ko‘rarmiz. Ha, so‘nggi mish-mishlarga ko‘ra, foydali takliflar bo‘lsa, "Real" yozda Martinni sotishga qarshi emas. Faqat, bitta savol bor. Edegor Klopp jamoasiga kerakmi?
Tete
Yoshi: 21 yosh
Fuqaroligi: Braziliya
Klub: "Shaxtyor"
Braziliyalik yosh futbolchi Tete "Shaxtyor"da 2019 yil fevral oyidan buyon o‘ynab kelmoqda. Doneskdagi urush tufayli transfer bozoridagi xarajatlarni uzoq muddatga qisqartirishga majbur bo‘lgan, Ukrain klubi jiddiy transferlarni amalga oshirmayotgandi. Ammo, o‘sha yili "konchilar" Braziliyaning "Gremio" jamoasiga naq 15 million yevro pul to‘lab, futbolchini sotib olganda ko‘pchilik mutaxasislar hayron qolishgandi. Futbolchi tezda ushbu pulni oqlash uchun harakat qilishni boshlab yubordi. Hozirda Transfermarkt internet nashrida Tetening transferi narxi 20 million yevroni tashkil qilmoqda.
Yaqinda Tete braziliyalik jurnalistlar bilan bo‘lgan muloqotda, "Shaxtyor" o‘zining futbol haqidagi orzularini cheklab qo‘yayotgani haqida, qolaversa braziliyalik vinger o‘ynashni xohlaydigan jamoalari nomini ham aytib o‘tdi. Ular orasida "Liverpul" ham bor edi.
"Uchta klub mening yevropalik orzularimning bir qismidir. Gap "Barselona", "Manchester Yunayted" va "Liverpul" haqida ketmoqda. Bu ajoyib murabbiylarga va juda ko‘p sovrinlarlarga ega top klublar hisoblanadi. Futbolchi sifatida mening orzuim muhim unvonlarni qo‘lga kiritish, shuningdek bu jamoalar menga shunday ajoyib imkoniyatlarni taqdim etishi mumkin. Bilaman, "Yunayted" va "Liverpul" azaliy raqiblardir va agar bir kun kelib ularning orasini tanlashga to‘g‘ri kelsa, albatta, "Liverpul"ni tanlagan bo‘lardim", - dedi Tete intervyusida.
"Shaxtyor" hozirda Teteni boshqa jamoaga qo‘yib yuboradimi, yoki yo‘qmi bu noma’lum. Chunki, braziliyalikning Ukraina jamoasi bilan amaldagi shartnomasi yana 2.5 yilni amal qiladi va hozirada "Liverpul" mazkur futbolchini sotib olishni kerak deb hisoblamaydi. Bunga sabab esa ayni kunlarda "mersisaydlar"da tarkibida Salah borligidir. Ammo, misrlik futbolchi allaqachon 28 yoshga kirgan va tez orada "qizillar" futbolchiga o‘rinbosar topishga harakat qilib ko‘rishadi. Bu paytda esa Tete haqida eslang.
Sasha KALADJICH
Yoshi: 23 yoshda
Fuqaroligi: Avstriya
Klub: "Shtutgart"
Bundesliga jadvalida o‘rta qatorlarda ketayotgan "Shtutgart"ning, hozirgi kunda ko‘rsatayotgan o‘yinlarida avstriyalik futbolchi Sasha Kaladjichning ham mehnatlari katta. Hujumchi ushbu mavsumda Germaniya ichki chempionati doirasidagi 25 uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 13ta golni yozdirib qo‘yishga erishgan. Hujumchi 2019 yilda Avstriyaning "Admira" jamoasidan 1,75 million yevro evaziga nemis jamoasi safiga borib qo‘shilgan. Ammo Sasha uchun debyut mavsumi sinovlarga boy tarzda o‘tdi. Sababi, Kaladjich "Shtutgart"ga ko‘chib o‘tgandan biroz vaqt o‘tib, futbolchi jiddiy jarohat oldi va 262 kunni, aniqrog‘i Bundesliga doirasidagi 28 uchrashuvni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi. Jarohatini tiklaganidan so‘ng, germaniyaliklar bejizga ishonmaganligini isbotlashni boshlab yubordi va hozirda hujumchining transfer narxi 20 million yevroni tashkil qiladi.
Ayni paytda shubhasiz, Kaladjich "Shtutgart"dan ketishga shoshilmaydi, chunki klub unga og‘ir jarohatni tiklashda yordam berdi. Qolaversa, jamoa futbolchiga yuqori darajada o‘ynash uchun imkoniyat bermoqda. Ammo yaqinda Sasha "Liverpul"dan taklif bo‘lsa, ikkalasidan birini tanlashi qiyin kechishi haqida gapirib o‘tdi:
"Men o‘zimni "Shtutgart"da erkin his qilyapman, ammo agar "Liverpul" eshikni taqillatsa, bu juda qiyin qaror bo‘ladi, chunki menga bu ingliz klubi juda yoqadi. "Qizillar" men uchun alohida jamoa. Bolalik chog‘imda, ya’ni 2005 yildagi Istanbulda kechgan Chempionlar Ligasi finalidan so‘ng, mazkur jamoaning muxlisiga aylanib qolganman. So‘nggi bor akam bilan "Liverpul" uchrashuvini tomosha qilganimda, do‘kondan juda ko‘p narsa olgan edik: o‘zimga "Liverpul" logotipi tushurilgan sharf, futbolka, kepka va chashka sotib olgandim", deb aytib o‘tdi Kaladjich.
Xo‘sh, endi tahlil qilib ko‘ramiz. Bunday forvard Klopp jamoasiga mos keladimi? Bunga nimadir deyish qiyin, ammo bo‘ydor bo‘lgan hujumchi "qizillar hujumida yetarlicha raqobat qilishi mumkin. Shuningdek, oktyabr oyida Roberto Firmino 30 yoshni qarshi oladi va tez orada braziliyalikka o‘rinbosar topish uchun harakat boshlab yuboriladi. Ehtimol, shu paytgacha, Sasha "Liverpul" rahbariyati e’tiborini jalb qila olar.
Jey IDZES
Yoshi: 20 yoshda
Fuqaroligi: Gollandiya
Klub: "Gou Exed Igls"
Ehtimol, siz ushbu futbolchi haqida umuman eshitmagan bo‘lishingiz mumkin, ammo futbolchining vatani Gollandiyada 20 yoshli yarim himoyachisi Jey Idzes, o‘z pozisiyasidagi eng istiqbolli futbolchilardan biri hisoblanadi. U Gollandiya chempionatining ikkinchi divizioni jamoasi "Gou Exed Igls" klubida o‘ynab kelmoqda. Ammo, mutaxasisilarning fikricha, Jey yozda kuchliroq jamoaga ko‘chib o‘tishi mumkin.
Yaqinda Idzesning o‘zi bir kun "Liverpul"da o‘ynash orzusi haqida gapirdi, ayniqsa, uning vatandoshlari Virjil van Deyk va Jorjinyo Veynaldum "qizillar"ning asosiy o‘yinchilariga aylanishgani futbolchi uchun haqiqiy motivasiya bo‘lganligi haqida ham aytib o‘tdi:
"Men bolaligimda kosmonavtlik faoliyati yoki shunga o‘xshash orzular haqida o‘ylashim shart emas edi. Chunki, yonimda doimo futbol va shunga o‘xshash boshqa narsalar bor edi. O‘sha paytda men qaysi darajada o‘ynashimga unchalik ahamiyat bermadim. Albatta, endi men "Liverpul"da o‘ynashni orzu qilayapman. Ammo, bunga loyiq ekanligimni isbotlab qo‘yishim kerak", deydi Idzes.
Xullas, Kaladjichdagi kabi baland bo‘yi va ingliz futboli bilan ichida yo‘qolib qolmaydigan yosh Jeyni yaqin kunlarda Angliya futbolida ko‘rishimiz mumkinmi? Yana bir savol shuki, o‘tgan yozda Idzes "Gou Exed Igls" bilan yangi shartnoma imzoladi va endi bu klub o‘z yulduzi orqasidan potensial sotilishi mumkin bo‘lgan maksimal summani topishga harakat qiladi. Shuning uchun gollandiyalik futbolchi Angliyani zabt etishi uchun biroz vaqt kerak bo‘lishi mumkin.
Ayven Toni
Yoshi: 25 yoshda
Fuqaroligi: Angliya / Yamayka
Klub: "Brenford"
Garchi, Toni endi 24 yoshda bo‘lsa-da, faoliyati davomida juda ko‘p jamoalarda o‘ynagan. Hozirgi kunda Angliyaning "Brenford" jamoasi safida o‘ynamoqda. Mazkur jamoa Tumanli Albionning 2-divizioni jamoasi hisoblanadi. Klub Ayvenni o‘tgan yili Angliyaning boshqa bir jamoasi "Piterboro Yunayted" jamoasidan 5 million funt evaziga sotib olgandi. "Arilar" matbuotini ta’kidlashicha, klub futbolchi orqasidan katta mablag‘ topmoqchi. Biroq, bundan bir yil oldin, Ayven "Brenford" futbolchisi bo‘lganidan keyin, blis-so‘rovnomada qaysi klubga o‘tishni xohlashini so‘rashgan edi. Shunda futbolchi hech o‘ylamasda "Liverpul" deb aytib o‘tdi.
Toni, 2020/21 yilgi chempionat doirasida 35 o‘yinda 28 ta gol urishga erishgan. Ushbu natijalardan keyin futbolchining "Enfild"da o‘ynash haqidagi eski orzusi ro‘yobga chiqishi ancha tezlashishi mumkin. To‘g‘ri, Ayven to‘g‘ridan-to‘g‘ri "Brenford"dan "Liverpul"ga transfer bo‘lishi qiyindir, ammo hozirgi kunda futbolchiga APLning bir qator jamoalar qiziqmoqda. Ehtimol, futbolchi yozda Premer ligaga ko‘chib o‘tib, o‘sha mavsumda o‘zini har tomonlama ko‘rsatsa, balki "Liverpul" rahbariyati e’tiboriga tushar. Kuzatamiz.
Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.