«Navbahor» kecha ertalab “Markaziy” stadion maydonida o‘tkazilgan mashg‘ulotida yana 2 nafar yangi legioner yakka tartibda shug‘ullanishdi.
Mazkur xorijlik futbolchilarning biri Rossiya, ikkinchisi esa braziliyalik. Ular haqida batafsil to‘xtaladigan bo‘lsak, rossiyalik hujumchi Pavel Ignatovich 1989 yil, 24 mayda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida tug‘ilgan. Faoliyati davomida Rossiyaning “Lokomotiv” yoshlar jamoasi (Sankt-Peterburg, 2003-2007 yillar), “Zenit” (Sankt-Peterburg, 2007-2010 yillar), “Ximki” (Moskva viloyati, 2010 yil), “Dinamo” (Bryansk, 2011-2012 yillar), “Amkar” (Perm, 2012-2013 yillar), “Dinamo” (Moskva, 2013-2014 yillar), “Tom” (Tomsk, 2013-2014 yillar), “Mordoviya” (Saransk, 2014-2017 yillar), “Tambov” (Tambov, 2017-2018 yillar), “Nijniy Novgorod” (Nijniy Novgorod, 2018-2020 yillar) jamoalarida o‘ynagan. O‘tgan mavsumdan buyon Rossiyaning “Shinnik” (Yaroslavl) jamoasida o‘ynayotgandi.
2009 yili Rossiya Yoshlar birinchiligi chempioni bo‘lgan va o‘sha mavsumda 17 ta gol urib, Yoshlar birinchiligi to‘purari bo‘lgan.
Braziliyalik hujumchi Kosta Tenorio Gutiner (Guti ismi bilan mashhur) esa 1994 yilning 6 oktyabrida Braziliyaning San-Paulu shahrida tug‘ilgan. Faoliyati davomida Braziliyaning “Bonsusesso” (2015 yil), “Linense” (2016 yil), “Akademika Vitoriya” (2016-2017 yillar), Ukrainaning “Olimpik” (Donesk, 2017 yil), “Chernomores” (Odessa, 2018 yil), “Obolon” (Kiyev, 2019 yil), Maltaning “Xibernias” (2018 yil), Chexiyaning “Viktoriya Jijkov” (Jijkov, 2019 yil) jamoalarida to‘p tepgan. O‘tgan mavsumdan buyon Ukrainaning “Avangard” (Kramatorsk) jamoasida o‘ynayotgandi.
Eslatib o‘tamiz, kecha “Navbahor” mashg‘ulotiga 3 nafar yangi legioner – serbiyalik Boyan Siger va Jelko Dimitrov, braziliyalik Portela De Akvino Saulo qo‘shilishgandi. Endi ko‘rikdan o‘tish uchun kelgan xorijlik futbolchilar 5 nafarga yetdi.
Ayni paytda “Navbahor” tarkibidan 3 nafar legioner – rossiyalik va tojikistonlik yarim himoyachilar Ivan Solovyov hamda Ehsoni Panshanbe, serbiyalik hujumchi Slavisha Stoyanovich joy olishgan.
Demak, “lochinlar” ko‘rigiga kelgan 5 nafar xorijlik futbolchidan jamoamiz murabbiylar shtabida yaxshi taassurot qoldirgan ikki nafari bilan shartnoma imzolanadi.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.