Kirish Ro'yxatdan o'tish
07/07 00:00 Niderlandiya 2-1 Turkiya
07/07 03:00 Kolumbiya 5-0 Panama
07/07 06:00 Urugvay 0-0 Braziliya

«To‘pchilar»ga kuchli «porox» kerak

«To‘pchilar»ga kuchli «porox» kerak

Baho:
+ | -

Shonli klub «Arsenal» o‘z tarixidagi eng qora kunlarni boshdan kechirmoqda. Hozir jamoa muxlislarining kayfiyatiga havas qilib bo‘lmaydi. 2019 yil oxirida «Arsenal» xo‘jayini Josh Kronke London klubi muxlislarini sabrli bo‘lishga chaqirdi. To‘g‘ri, jamoaga hozir vaqt kerak. Yosh va umidli Mikel Arteta kutilgan ishonchni oqlamayapti.

«Kanonirlar» sobiq o‘yinchisi endi klub yoqimtoyi emas. Xosep Gvardiolaning shogirdidan boshidanoq ko‘p narsalar kutilgandi. Mutaxassisning o‘zi bosh murabbiy sifatida ishlash tajribasiga ega bo‘lmagan holda «to‘pchilar»ni qabul qilib oldi. Arsen Venger davridan buyon jamoa yuqori natijalarga erisha olmayapti. Orada bir muddat paydo bo‘lgan Unai Emeri davrida «Arsenal» Yevropa Ligasi finaliga chiqdi. Biroq endi shimoliy Londonliklar bundayin yutuqlarni orzu qilishlari mumkin xolos. Vengerning kuchli to‘rtlikka kiritgan «Arsenal»idan qoniqmagan muxlislar bugun 20-o‘ringa termulgan holda ko‘z yoshlarini artishmoqda.

Tan olish kerak, Arteta mavsumni yaxshi boshladi. «Kanonirlar» yosh mutaxassis qo‘l ostida Angliya kubogi, keyin esa Superkubokni qo‘lga kiritishdi. Ammo ichki chempionatda London klubi yaxshi harakat qila olmadi. 2019/20 yilgi mavsumda «Arsenal» APL turnir jadvalida 8-o‘rinni egalladi. O‘tgan mavsumda ham «kanonirlar» xuddi shu pozisiyani band etishgandi.

Joriy mavsum «to‘pchilar»ning Premyer-ligadagi ishlari yomondan yomon. «Arsenal» 67 yil ichida birinchi marta mavsumning ilk 3 o‘yinida mag‘lub bo‘ldi. «Kanonirlar» «Brentford», «Chelsi» va «Manchester Siti»ga yutqazishdi. 3 uchrashuvda umumiy 0:9 hisobi qayd etildi. Ko‘rib turganingizdek, bu juda sharmandali holat. Bu vaqt mobaynida futbolchilar raqib darvozasiga 29 marta zarba bergan, biroq birorta ham gol ura olishmadi. Hozirda «Arsenal» APL turnir jadvalining so‘nggi, 20-pog‘onasidan joy olgan.

Angliya va butun futbol olamida «kanonirlar», shubhasiz, mavsum boshidan buyon eng ko‘p gapirilgan jamoa bo‘lib turibdi. Albatta, hech kim «Arsenal»ni yuqori divizionidan tushib ketishi mumkinligini jiddiy o‘ylagani yo‘q. Ammo shu bilan birga London klubida jiddiy muammolar borligi aniq. Rahbariyat transferlar uchun katta pul ajratdi, yangi jamoa qurilayotgandek taassurot bor, lekin baribir tizimda nimalardir noto‘g‘ri ketmoqda.

«Arsenal»ning o‘z oldiga qo‘ygan strategiyasi aniq. «Kanonirlar» grandlar bilan teng sharoitda raqobatlasha oladigan yosh, istiqbolli va samarali jamoa yaratmoqchi. Zero, bunga mos tarkib ham shakllangan. Artete o‘z jamoasida ko‘rishni istagan har bir futbolchini sotib olishning uddasidan chiqdi, rahbariyat unga barcha sharoitlarni yaratib berdi. Endi faqat harakat qilish vaqti kelgan.

Yakuniga yetgan yozda hisoblangan statistika bo‘yicha «Arsenal» Angliyada transferlar uchun eng ko‘p pul sarflagan jamoaga aylandi. «Kanonirlar» 23 yoshgacha bo‘lgan oltita futbolchi bilan shartnoma imzolagan. Ularning barchasi «kanonirlar»ga 156,8 million funtga tushdi. Nunu Tavaresh («Benfika», 8 mln), Sambi Lokonga («Anderlext», 15 mln), Takexiro Tomiyasu («Bolonya», 19,8 mln), Aaron Remzdeyl («Sheffild Yunayted», 30 mln) kabi futbolchilar shular jumlasidandir.

Martin Edegor («Real» 34 mln) va Ben Uayt («Brayton», 50 mln), Gabriyel va Tomas Partilar ham o‘tgan mavsumda «Arsenal» safiga kelib qo‘shilgandi. Ular ham albatta qariyalar sirasiga kirmaydi - biri 22, ikkinchisi 27 yosh. Ba’zi bir hisob-kitoblarga ko‘ra «kanonirlar» hozirda Premyer-ligada «Norvich» va «Brentford»dan keyin tarkib bo‘yicha eng yosh jamoa hisoblanadi.

Bu yerda «to‘pchilar»ning transfer siyosati umuman olganda tushunarli, lekin londonliklarning ba’zi qarorlari hayratlanarli darajada. Masalan, Jo Uillokni sotish asosiy planga chiqqan. Yarim himoyachi «Nyukasl»da yaxshi mavsum o‘tkazdi, yarim mavsum davomida APLda 8 ta gol urdi. Bu markaziy yarim himoyachi uchun yaxshi ko‘rsatkich albatta. Ammo londonliklar baribir o‘yinchini «Nyukasl» ga sotishni uddalashdi.

Uning o‘rniga jamoa yangi ligaga moslashishi osonroq bo‘lgan Lokonga bilan shartnoma imzoladi. Shu bilan birga, «kanonirlar» hujumchi Eddi Nketia va yarimhimoyachi Ensli Meytlend-Naylslarni tarkibda ushlab qolishning uddasidan chiqdi. Ikkala futbolchi ham «Emireytes»da kam vaqt o‘ynashadi, lekin ularning asosiy tarkibda o‘z o‘rni bor.

Ammo «Arsenal» ning muammolari faqat top futbolchilar kamligi bilan cheklanmaydi. Jamoada muhit tinch emas. Tushunarliki, mag‘lubiyatli seriya hammani xafa qiladi, bu aniq. Lekin futbolchilar ijobiy natija uchun qaysi kriteriyalarni o‘zgartirishlari kerak? «Kanonirlar» hozirda o‘zlarini maydonda to‘liq yo‘qotib qo‘ygan desa ham bo‘laveradi. «Arsenal» o‘yinida jamoaviy ham, yakka tartibda ham kamchiliklar yetarli.

Londonliklar to‘p uchun kurash san’atini batamom yo‘qotishgani bilinib turibdi. Himoyada jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yishmoqda va raqib jarima maydonchasi yaqinida noaniq harakatlar haddan ziyod ko‘payib ketgan. Muammo faqat o‘yinchilar o‘rtasidagi tushunmovchiliklarda bo‘lgandiku, mayli, bularning hammasini hal qilish mumkin. Ammo bu yerda ko‘p narsa psixologik holatga bog‘liq va bosh murabbiy bundan voqif bo‘lishi kerak. Zero, "Arsenal" APLda bu kabi quyi pog‘onalarda yuradigan jamoa emas.

Kiritildi: 07:00, 09.09.2021.
O'qildi: 3461 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.