Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Sharof Muhiddinov: «Paxtakor»da maqsadga erishdim – chempion bo‘ldim»

Sharof Muhiddinov: «Paxtakor»da maqsadga erishdim – chempion bo‘ldim»

Baho:
+ | -

O‘zbek futboli ixlosmandlari orziqib kutgan Superliga bahslariga ham start berildi. Mavsum avvalida aksariyat klublarning tarkibni yanada kuchaytirishgani chempionatga bo‘lgan qiziqishni oshirmoqda. Ammo yurtimizda shunday jamoa bor: qishki va yozgi transferlar oynasida aytarli shov-shuv ko‘tarmaydi, ammo doimo yetakchilar safida yuradi. Sezganingizdek, bu - Qarshining «Nasaf» jamoasi. Bu gal «Nasaf» yetakchilaridan biri, «Paxtakor»dagi bir yillik faoliyatidan so‘ng qadrdon klubiga qaytgan Sharof Muhiddinovni suhbatga tortdik.

- Suhbatimizni yangi mavsum taraddudi qanday kechgani, qishki yig‘in va o‘tkazilgan o‘rtoqlik o‘yinlaridagi raqiblar saviyasi haqidagi fikrlaringiz bilan boshlasak.

- Mavsumga ko‘tarinki kayfiyatda tayyorlandik. Bilasiz, yaqinda Turkiyada o‘quv-yig‘ini o‘tkazib, bir qator o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushdik. Raqib sifatida yaxshi saviyadagi klublar tanlandi, desam adashmayman. Bu kabi raqiblarga qarshi o‘yinlarda jamoangizning tayyorgarligi qanday holatda ekanligini bilib olsa bo‘ladi. O‘ylaymanki, mavsumga ko‘ngildagidek tayyorgarlik ko‘rdik.

- «Nasaf» mavsumni ketma-ket yaxshi saviyadagi jamoalarga qarshi uchrashuvlar bilan boshlaydi, ushbu raqiblarning barchasida yangi bosh murabbiylar ish boshlashgan. Nima deb o‘ylaysiz, ushbu masala raqibni o‘rganishda qiyinchilik tug‘dirmaydimi?

- O‘ylashimcha, yo‘q. Boisi, har qaysi murabbiy klubda ishlab turgan mexanizmni birdaniga yo‘qqa chiqarolmaydi. Tabiiyki, buning uchun vaqt kerak. Ochig‘i, raqiblar qanchalik o‘zgarishdi, bunisini chempionat ko‘rsatadi. Futbol shunisi bilan qiziq.

- So‘nggi kunlarda «Nasaf» lageridan yaxshi yangiliklar eshityapmiz. Xususan, homiylar masalasida. Demak, shunga yarasha e’tibor hamda natijaga bo‘lgan talab ham o‘zgarsa kerak?

- Ha, albatta. Jamoamizda talablar har doim yuqori bo‘lgan, chunki bu yerda deyarli har bir kishi sovrinlar uchun kurashishga tayyor.

- Shu o‘rinda «Paxtakor»dan ketish va yana aynan «Nasaf»ga qaytishingiz sabablarini o‘zingizdan eshitsak. Qolaversa, «Paxtakor»dagi faoliyatingiz davomida o‘zingiz uchun qanday xulosalar chiqardingiz?

- «Paxtakor»dan yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmaganim uchun ketdim va qadrdon jamoamga qaytdim. Ammo shunga qaramay, poytaxt klubidagi faoliyatim ko‘ngilsiz kechdi, deya olmayman. Sababi, men ham har bir futbolchi singari chempionlikni orzu qilardim. O‘tgan yili esa shu maqsadimga erishdim. Bu men uchun juda yaxshi yangilik bo‘ldi.

- Demak, «Paxtakor»dagi faoliyatingizdan qaysidir ma’noda ko‘nglingiz to‘ldi, shundaymi? Ayting-chi, Piter Xyuistra qo‘l ostida o‘zingiz uchun asqotadigan nimanidir kashf qila oldingizmi?

- Shunday desam ham bo‘ladi. Menimcha, futbolchi har bir murabbiydan o‘ziga yarasha yaxshi narsalarni o‘zlashtirib olishi mumkin. Misol uchun, Xyuistra qo‘l ostida jamoa oldinga borayotgan payt hujum yakunlanmay qolsa, o‘sha zahoti to‘pni raqibdan olib qo‘yishga intilish muhimligini tushundim.

- Bir qarashda, «Paxtakor»dagi faoliyatingiz yaxshi boshlangandek edi, biroq keyinchalik vaziyat o‘zgarib ketdi. Buning sababi nimada, deb o‘ylaysiz?

- To‘g‘ri, boshida barchasi ko‘ngildagidek ketayotgandi ammo ikkinchi davraga yaqinlashayotganimizda, jamoaga yangi futbolchilar kelishdi va bosh murabbiy jamoa o‘yin uslubiga taktik jihatdan biroz o‘zgarishlar kiritdi. Natijada, ko‘proq vaqtim zaxirada o‘ta boshladi.

- Ayting-chi, nima uchun «Nasaf»ning aksariyat yaxshi ijrochilari jamoadan ketishsa, faqatgina «Paxtakor»ni tanlashmoqda? Yoki yurtimizning bosh-qa yetakchi jamoalari safiga o‘tish ortga tashlangan qadam sifatida ko‘riladimi?

- Vaziyatga xolisona yondashishni so‘ragan bo‘lardim. Bilasiz, «Paxtakor» o‘ziga xos tarix va sovrinlarga ega jamoa. O‘zingiz o‘ylang, qaysiki futbolchining jamoasi bilan tuzgan shartnomasi tugagan bo‘lsa, yangi kelishuvga erisholmayotgan payt yurtimizning eng kuchli jamoalaridan biri bo‘lgan «Paxtakor»dan taklif tushsa, kimga yoqmaydi? O‘z navbatida, «Nasaf»dan ketgach, «Paxtakor»dan boshqa jamoa safiga qo‘shilish ortga tashlangan qadam sifatida ko‘rilmasligi kerak, deb o‘ylayman. Mavjud vaziyatdan kelib chiqib qaror chiqarish har bir futbolchining o‘ziga bog‘liq.

- Superliganing ilk o‘yinida jamoangiz Namanganda «Navbahor»ga qarshi o‘yin o‘tkazadi. Bu vaziyatni men muxlis sifatida «superstart» deya baholagan bo‘lardim. Xo‘sh, siz qanday fikrdasiz?

- Albatta, fikringizga qo‘shilaman. Ilk turda «Navbahor» bilan kechadigan bahs juda qiziqarli tarzda kechadi, degan umiddaman.

- «Nasaf»ning OCHL guruh bosqichiga chiqishi «So‘g‘diyona» uchun OFK kubogiga yo‘l ochib beradi. Aks holda... Ayting-chi, jamoaning xalqaro maydondagi maqsadi qanday?

- Maqsad - faqat Chempionlar Ligasi! OCHLda o‘ynash futbolchi uchun juda yaxshi tramplin vazifasini o‘taydi va bu kabi o‘yinlardagi ishtirok futbolchining millionlar o‘yi­niga bo‘lgan mehrini ikki hissa oshiradi. OCHLdagi saviya OFK kubogi hamda Superligamiz bilan solishtirganda, ancha yuqori. Saralashdagi raqibimiz o‘tib bo‘lmas to‘siq emas. Nasib qilsa, bizda OCHL guruh bahslariga yo‘llanma olish imkoni bo‘ladi.

- «Nasaf»ni ko‘pincha Yevropa «Ayaks»iga qiyoslashadi. Shunday bo‘lsa, Ro‘ziqul Berdiyevni qaysi mashhur murabbiyga o‘xshatish mumkin?

- Joze Mourinyoga.

- Mag‘lubiyatga uchragan paytlar, umuman, og‘ir damlarda kimga suyanasiz?

- Futbolda ko‘ngilsiz natijalar barchada kuzatiladi, kamchiliklar tahlil qilinadi. Og‘ir damlarda esa ko‘proq oilamga suyanaman.

Xurshid YUSUPOV suhbatlashdi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 08:43, 03.03.2022.
O'qildi: 2035 marta.
Fikrlar: 6 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.