Kirish Ro'yxatdan o'tish
02/07 00:00 Portugaliya 0-0 Sloveniya
02/07 06:00 AQSh 0-1 Urugvay
02/07 06:00 Boliviya 1-3 Panama
02/07 21:00 Ruminiya 0-3 Niderlandiya
03/07 00:00 Avstriya 1-2 Turkiya
03/07 06:00 Braziliya 1-1 Kolumbiya
03/07 06:00 Kosta-Rika 2-1 Paragvay

Eriksen endi Qatar-2022ni ko‘zlayapti

Eriksen endi Qatar-2022ni ko‘zlayapti

Baho:
+ | -

Daniyalik yarim himoyachi Kristian Eriksen o‘tgan yili Yevro-2020dan o‘rin olgan Finlyandiya termasiga qarshi kechgan o‘yin davomida yurak tizimi muammosi ortidan maydonga yiqildi va bir muddat hushsiz yotdi. Uning o‘zi keyinchalik o‘sha holatini boshqacha izohladi: «5 daqiqaga bu dunyoni tark etdim, go‘yoki». Dahshatga tushgan muxlislar esa daniyalik yulduz atrofidagi «to‘s-to‘polon»ni ko‘rib, faqat va faqat uning omon qolishi uchun ibodat qilishdi. O‘sha kuni hech kim Eriksen yana maydonga qaytishi mumkinligini xayoliga ham keltirolmasdi. Boz ustiga, keyingi deyarli 9 oy davomida ham Kristianning futbol bilan qayta yuzlashish imkoniyati past baholandi. Amalda u 259 kundan so‘ng futbol ma’nosida «ikkinchi marta tug‘ildi»: APLda qolish uchun kurashayotgan «Brentford» libosida maydonga tushdi. Ha, 52-daqiqada zaxiradan safga qo‘shilgan Eriksen yangi klubini mag‘lubiyatdan qutqarib qololmadi, «Nyukasl» 2:0 hisobini oxirigacha ushladi. Muhimi, Daniyaning 5 karra eng yaxshi futbolchisi (bu rekord) mag‘lubiyatdan aslo o‘ksingani yo‘q.

- Eriksen yana maydonda. Bunga ishonish ham qiyin. Xo‘sh, «qayta tug‘ilish» qanday ekan?

- Boshimdan nimalar o‘tganini nazarda tutib aytsam, yashil maydonga qaytganim - fantastika. Qanday ajoyib tuyg‘ular tug‘yonida qolganimni so‘z bilan ifodalab berolmayman. «Brentford»ning menga nisbatan alohida g‘amxo‘rlik qilishi birinchi kundanoq yaqqol sezildi. Asosiysi, klubda hamma qayta debyutimdan xursand. Alohida aytishim kerak, ota-onam, farzandlarim, qaynonam va shifokorlar chinakam ko‘makdosh bo‘lishdi. E’tiborlisi, ortda qolgan shu og‘ir vaqt davomida men bilan birga bo‘lgan kishilar o‘yinimni kuzatish uchun stadionga kelishdi. O‘ylaymanki, maydonga tushganim ular uchun katta yutuq, zero, hammalari menikidan-da qiyinroq yo‘lni sabot bilan bosib o‘tishdi.

- Yurak stimulyatori o‘rnatish bo‘yicha jarrohlik amaliyoti, «Inter» bilan majburan xayrlashish va APLda paydo bo‘lish... Endigi maqsad nima?

- Hammasi oddiy va aniq - birinchi navbatda, to‘pga teginish, futbol havosini tuyish, o‘sha ajib tuyg‘uni qaytarish. Albatta, «Brentford»ga APL­da qolish yo‘lida qo‘ldan kelganicha yordam berishim kerak.

- 29 yoshli pleymeyker ushbu ajoyib voqeani ertak intihosi kabi yakunlash niyatida bo‘lsa kerak...

- Nima demoqchi ekanligingizni tushundim. Ha, bosh maqsadim - Qatar-2022 mundialida ishtirok etish. Bu jiddiy gap. O‘zi o‘sha noxush voqea ro‘y berganidan buyon har soniya shu haqda o‘ylayapman. Bilaman, maqsad va orzu o‘z yo‘liga, asosiysi, meni bosh jamoaga munosib ko‘rish-ko‘rmasliklari, albatta. Bunisi endi boshqa masala. Ammo qaytish orzusidan osongina voz kechmayman. Ishonchim komilki, yakunda maqsadga erishaman, chunki milliy jamoaga yordam berish qo‘limdan kelishini bilaman. Har holda, hozir oldingiga nisbatan qandaydir farqni his qilmayapman. Menimcha, jismoniy jihatdan ham ajoyib holatdaman. Xullas, faqat oldinga intilish asnosida terma jamoada o‘ynashga qodirligimni isbotlamoqchiman. Tushunaman, birinchi navbatda, bosh murabbiyni ishontirishim, unga darajamni isbotlashim kerak. Takror aytaman, yurak tizimi muammolari ortda qoldi va bu endi orzumga to‘siq bo‘lolmaydi.

- O‘zingizda xohish kuchli, biroq tibbiy tavsiyalarni ham unutmaslik kerak-ku...

- Yo‘q, qandaydir cheklov qo‘­yilmadi. Har holda, shifokorlar menga hammasi mumkinligini aytishdi, bemalol bor kuch bilan shug‘ullanishimga ruxsat berishdi. Qisqasi, kelajagim uchun yashil chiroq yondirildi. O‘ylaymanki, hammasi yaxshi bo‘ladi, muammo tug‘ilmaydi. Bu borada qandaydir qo‘rquv yoki xavotir ham mavjud emas. Yurak stimulyatori borligini his qilmayapman. U tushib qolgan taqdirda ham, xavf tug‘ilmasligini bilaman. Asosiysi, oldimdagi sinovlarga tayyorman, ulardan aslo cho‘chimayman.

Ha, Kristian Eriksen maydonga qaytib, jasorat ko‘rsatishga ulgurdi. Endi uning oldida yana bir ajo­yib maqsad bor - Qatar-2022 mundialiga borish. Aytish mumkinki, Eriksenni bo‘lajak jahon chempionatida ko‘rishni butun futbol olami xohlaydi.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 20:00, 12.03.2022.
O'qildi: 2321 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.