O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets Navruz Cup—2022 musobaqasi oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Navruz Cup—2022 musobaqasidan nimalar kutayotgani haqida
Barcha o‘rtoqlik o‘yinlaridagidek birinchi navbatda futbolchilarning holatini bilib olaman. Keyingi o‘yinlar uchun ma’lumot olamiz. Yangi futbolchilarni sinab ko‘rish uchun yaxshi imkoniyat bo‘ladi. Eng asosiysi, legionerlarimiz hozir qanday formadaligini bilib olishimiz mumkin. Albatta, mahalliy chempionatdagi futbolchilarni ham kuzatishimiz mumkin. Odatdagidek, barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonishni xohlaymiz.
Kutilayotgan natija haqida
Hech qachon o‘rtoqlik o‘yinlarida natijani birinchi o‘ringa qo‘ymayman. O‘zimizni bunday bosim ostida ushlamasligimiz lozim. Chunki bu o‘rtoqlik o‘yini. Nimadir yangiliklarni sinab ko‘rishimiz mumkin, kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotganlarda imkon berishimiz mumkin va o‘yinchilarning birgalikdagi harakatlarini kuzatish lozim.
«Navbahor» futbolchisi Jamshid Iskandarov nima uchun terma jamoadan chaqiruv olmagani haqida
Bilaman, Superligada kelajakda biz chaqirishimiz mumkin bo‘lgan juda yaxshi futbolchilar bor. Ammo terma jamoada joylar cheklangan. Hozir terma jamoada bo‘lib turgan futbolchilar eng yaxshilari deb o‘ylayman.
Terma jamoaning Qatarda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga nega chiqa olmagani haqida
O‘zimni hakam deb bilmayman, avvalgi jamoa nega mundialga chiqa olmaganidan xabarim yo‘q. Bunga baho berishim noto‘g‘ri. 2021 yilgi mavsumda O‘zbekiston chempionatida «Paxtakor» chempion bo‘ldi. Chempionlik taqdiri juda erta hal bo‘lgandi. Hozir esa yangi mavsum boshlandi. Bu haqida biror narsa deyish qiyin.
Legionerlar haqida
Mendan Iskandarov haqida so‘rashdi. O‘tgan yili Janubiy Koreyada o‘ynagan Ikrom Aliboyev, Rustam Ashurmatovni kuzatdik. Nima uchun ular O‘zbekiston chempionatiga qaytib kelayotganini so‘rash kerak. Shahboz Umarov va Jasur Yaxshiboyevni termaga chaqirishim uchun, ularning klubdagi o‘yinini ko‘rishim kerak. Lekin ular oxirgi paytlar o‘ynamayapti. Bizda muammolar bor. Masalan, Eldor Shomurodov ham doimiy ravishda o‘ynamayapti. Jaloliddin Masharipov ham so‘nggi vaqtlarda o‘ynashni boshladi, Oston O‘runov ham kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmoqda.
Mening ishim futbolchilarni jamoa sifatida shakllantirish va eng yaxshilarini terma jamoaga jalb qilish. Ammo oxirgi paytlarda ularning o‘ynayotganini ko‘rmayapman. Shu bois bizga shunday o‘rtoqlik o‘yinlari zarur. Futbolda hech qachon oldindan aniq gapira olmaysiz.
Ibrohimxalil Yo‘ldoshev va Husayn Norchayevni Olimpiya terma jamoasidan chaqirib olishi mumkinligi haqida
Nega ular Olimpiya terma jamoasida bo‘ladi deb o‘ylayapsiz? U-23 terma jamoasi Osiyo chempionatida qatnashadi, biz ham Osiyo Kubogiga chiqishimiz lozim. Agar o‘sha vaqtda ular kerak deb hisoblasam, terma jamoaga chaqiriladi. Ularning pozisiyasida ko‘plab futbolchilarimiz bor, ammo vaziyatga qaraymiz.
Terma jamoa hujumida o‘z klubida to‘liq o‘ynayotgan futbolchilar yoki Eldor Shomurodov o‘ynashi haqida
Eldor Shomurodov maydonga tushadi. U jamoa sardori. Juda ko‘p bu savollarga javob berganman. Bizda Jaloliddin Masharipov, Otabek Shukurov bor, ularning barchasi jamoaning yetakchilari. Jamoada uchta sardorlik bog‘ichi bo‘lmagani uchun, sardorlik Eldorga berilgan. Chunki Shomurodov terma jamoada qolganlardan ko‘ra ko‘proq to‘p surgan.
Bir stadionda ketma-ket ikkita o‘yin o‘tkazilishiga munosabati haqida
Namanganda boshqa stadion bormi? Bunday darajadagi ikki o‘yin ketma-ket bitta maydonda o‘tishi bilmadim qanday bo‘ladi? Birinchi o‘yindan keyin maydonga juda katta zarar yetishi aniq. Chunki yomg‘ir ko‘p yog‘yapti. Albatta, bu bahona bo‘lmasligi lozim. Holat biz uchun ham, Qirg‘iziston terma jamoasi uchun ham bir xil bo‘ladi. «Navbahor»—«Nasaf» uchrashuvidan so‘ng maydonga tushib ko‘rgandim, holati yaxshi emasdi. Bu tabiiy hol. Oxirgi payt juda ko‘p yomg‘ir yog‘moqda.
25—29 mart kunlari Namangandagi «Markaziy» stadionida Navruz Cup—2022 xalqaro o‘rtoqlik musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Ushbu turnirda O‘zbekiston milliy terma jamoasidan tashqari Uganda, Tojikiston va Qirg‘iziston terma jamoalari ishtirok etadi. O‘zbekiston terma jamoasi 25 mart kuni yarim final bosqichida Qirg‘iziston terma jamoasi bilan bahs olib boradi.