Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Afrikacha «tomosha» kulminasiyasi

Afrikacha «tomosha» kulminasiyasi

Baho:
+ | -

Seshanba oqshomi AFK (Afrika futbol konfederasiyasi) miqyosidagi JCH-2022 saralash boshqichi yakuniga yetdi. «Pley-off» raundi javob o‘yin­laridan so‘ng Marokash, Kamerun, Tunis, Gana va Senegal milliy jamoalari Qatar yo‘llanmasiga ega chiqdi. Hal qiluvchi uchrashuvlar mojaroyu, «tomosha»lardan ham xoli bo‘lgani yo‘q. Xususan, Nigeriyada katta janjal yuzaga keldi, Senegalda chinakam drama kuzatildi. Sports.ru saytining quyidagi maqolasi shu voqealar tafsiloti haqida.

MAG‘LUBIYAT ALAMI YOMON...

Nigeriya milliy jamoasi 16 yil badaliga ilk marta JCH final raundidan chetda qoldi. «Superburgutlar» o‘z maydonlarida Gana termasini yenga olishmadi - 1:1. Natijada ganaliklar mehmonda urilgan gol evaziga Qatarga boradigan bo‘lishdi (birinchi o‘yin - 0:0). Xullas, Nigeriya termasi 2006 yildan buyon ilk bora mundial tomoshabiniga aylandi. Bunga chidolmagan mahalliy muxlislar final hushtagi chalinganini bilan maydonga bostirib tushib, qo‘llariga ilingan narsani sindirishga kirishdilar - o‘rindiqlardan tortib, reklama taxtalarigacha... To‘polondan ganalik muxlislar ham, stadion xizmatchilari ham o‘z «nasiba»larini olishdi. Shuningdek, bolboy (maydon chetida to‘p tashlab turuvchi bolalar)lar ham jabr chekishdi.

Aslida hammasi o‘yin boshlanishidan oldin boshlangan edi. Ya’ni minglab muxlislar stadion darvozani buzib, ichkariga naq 2,5 soat oldin kirib olishdi. «Stadionga kiraverishdagi tiqilinchni suratga olayotganimda, harbiylar va polisiyachilar asabimga tegishdi. Ular bo‘ynimga akkreditasiya osib olganimga qaramay, telefonimni tortib olib, sindirishdi. Tashkilotchilik darajasi - nol. Olomon nazorati ham. Nigeriya o‘zini sharmanda qilishni yaxshi ko‘radi. Gapirishimga imkon berishmadi, yuzimga har tomondan tarsakilar tushdi. Bu ishga kirishganimga 12 yildan oshdi, ammo hech qachon bu qadar kamsitilmagandim», - deya nolidi jurnalistlardan biri.

Jabrlanganlar orasida Nigeriya futbol federasiyasi vakili ham bor. Aytishlaricha, mahalliy hokimiyat milliy jamoaga yordam berish maqsadida stadionni to‘liq to‘ldirishga qaror qilib, 20 ming donadan ko‘p chiptani sotib olib, muxlislarga bepul tarqatgan ekan. Shuningdek, arenaga bepul avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgandi. «Ma’lumki, «superburgutlar» JCH-2022 saralashi «pley-off» raundi javob uchrashuvida «qora marvaridlar»ga qarshi maydonga tushadilar. 29 mart kuni barcha ofislar kunduzi soat 01:00da yopiladi», — deb xabar bergandi mamlakat futbol federasiyasi. Sport jurnalisti Ken Ochonogor esa «Tvitter»da muxlislarga murojaat qilgandi: «12 million dollarlik o‘yin: abujalik muxlislar, derbiga bir necha soat qoldi. Sizlarga 100ta bepul avtobus, 25 ming dona chipta va tekin yeguliklar tayyor. Unutmang, 89-daqiqada gol urishimiz mumkin, yigitlarni ranjitmang, iltimos, faqat va faqat qo‘llab-quvvatlang».

Qisqasi, natija o‘xshamagach, olomon o‘zini maydonga urdi va polisiya to‘polonni bostirish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatishga ham majbur bo‘ldi. Bu vaqtda har ikki jamoa futbolchilari kiyinish xonalarida yashirinib o‘tirishdi...

 

MANE VA SALOHNING YANGI DRAMASI

Misr futbolining ikkinchi katta xafagarchiligi. Qarangki, qur’a hal qiluvchi raundda qit’aning ikki eng yaxshi jamoasi - Misr va Senegal termalarini bir-biriga ro‘baro‘ qildi. Boshqacha aytganda, Afrikaning eng kuchli ikki futbolchisi - Muhammad Saloh va Sadio Mane o‘rtasidagi to‘qnashuv. Aytish o‘rinli, bu ikki jamoa oxirgi 2 oyda 3 marta o‘zaro kuch sinashdi. Tomonlar avvaliga Afrika kubogi finalida o‘zaro kuch sinashishdi. Unda Sadio Mane dastlabki daqiqalarda penaltidan foydalanolmadi. Keyinchalik Saloh darvozabonga klubdoshi qaysi tomonga zarba yo‘llashini ayt­gani taxmin qilindi. Asosiysi, Mane keyinchalik penaltilar seriyasida gol urdi, Salohga esa navbat yetib kelmadi. Yakunda misrliklar 2:4 hisobida yengilishdi: Saloh g‘amgin, Mane quvnoq... To‘g‘ri, u g‘alabani nishonlashga kirishishdan avval klubdoshiga tasalli berishni unutmadi.

O‘sha vaqtdayoq Senegal va Misr termalari Qatar mundiali yo‘lida yana o‘zaro o‘ynashi ma’lum bo‘lgandi. «Liverpul» bosh murabbiyi Yurgen Klopp ham uchrashuvlar ahamiyati kattaligini tushunib, har ikki futbolchiga dam berdi. Ya’ni «pley-off» janglari oldidan o‘tkazilgan «Nottingem» bilan bahsda ularni maydonga tushirmadi. «Salohning oyog‘ida muammosi bor, u bugun o‘ynolmasdi. Mane esa terma jamoa­sining o‘ta muhim o‘yinlaridan oldin dam olishi kerak edi. Agar biriga dam berib, ikkinchisini maydonga tushirganimda, buni noto‘g‘ri tushunishlari va talqin etishlari hech gap emasdi», - dedi germaniyalik murabbiy «Nottingem»ga qarshi o‘yindan so‘ng.

Muhammad Saloh jarohatga qaramay, «pley-off»ning ilk o‘yinida to‘liq vaqt harakatlanib, 4-daqiqada senegallik himoyachining avtogol muallifiga aylanishida katta rol bajardi. Shu tariqa «fir’avnlar» o‘z maydonlarida 1:0 hisobida ustun keldilar. Qarangki, javob uchrashuvi ham tezkor avtogol bilan boshlandi va asosiy vaqt «Senegal termasi g‘alabasi bilan yakunladi - yana 1:0. Keyin qo‘shimcha bo‘limlar va penaltilar seriyasi. Bu safar Saloh birinchi zarbani o‘z zimmasiga oldi, ammo to‘pni darvozadan ancha yuqoriga tepdi. Aytish kerak, senegallik muxlislarning hujumchi ko‘ziga lazer nurini to‘g‘rilashgani ham unga ta’sir qildi, shekilli. Umuman, nur ta’siridami, misrliklar dastlabki 2ta zarbadan foydalanolmadilar, lekin darvozabon Muhammad al Shenavi bunga javoban senegalliklar bilan duellarda ustun keldi. Keyin Eduar Mendi 4-zarbani to‘sdi va Mane beshinchisida gol urib, jamoasini JCH-2022ga olib chiqdi. Shu tariqa Saloh jahon chempionatisiz qoldi...

Nigeriya - Gana o‘yinida yuzaga kelgan tartibsizliklarda FIFA shifokori, zambiyalik Jozef Kabungo hayotdan ko‘z yumdi. Uning muxlislar tomonidan kaltaklangani aytilmoqda. To‘g‘ri, Nigeriya futbol federasiyasi tibbiy xodim o‘limi borasida boshqacha bayonot berdi. Unda ta’kidlanishicha, Kabungo Gana termasi kiyinish xonasi yonidan topilgan, shifokor kaltaklanmagan, aksincha, yurak xuruji natijasida vafot etgan.

R.IBROHIMOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:00, 07.04.2022.
O'qildi: 3142 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.