Futbol agenti Yuriy Belous «Qayrat» klubi va U-23 O‘zbekiston terma jamoasi futbolchisi Jasurbek Jaloliddinov istiqboli haqida fikr yuritdi.
"Agar Jasur faqat o‘z iqtidori bilan qanoatlanib qolmasdan, harakatni davom ettirsa, uning istiqboli bor. Chunki u RPLda ishlash o‘rniga O‘zbekistonga qaytdi, keyin «Qayrat»ga ko‘chib o‘tdi va u yerda asosiy tarkibda maydonga tushmadi. O‘zbekiston yoshlar terma jamoasiga yordam berayotgani yaxshi.
Uning nima uchun Rossiyada muvaffaqiyat qozona olmaganiga bir qancha sabablar bor. Bir tomondan, Jasur «Lokomotiv»ga umuman tayyorgarliksiz kelgan, qolaversa, «temiryo‘lchilar» safida tajribalilar yetarli edi va u Nikolich («Lokomotiv»ning sobiq bosh murabbiyi) qo‘l ostida mashg‘ulotlarda to‘p olib keluvchi bo‘lib qolishiga oz qolgan. Ular Jaloliddinovga umuman ishonch bildirmagan. «Tambov» quyi ligaga tushib ketmaslik uchun harakat qilayotgandi va u yerda faqat Kubok o‘yinida harakat qilish mumkin edi. U yosh yigit, agar ko‘proq mashq qilib, kamroq simulyasiya qilsa, yaxshi istiqbolga ega bo‘lishi mumkin.
Jasur Rossiyaga qaytishi mumkinmi? Nega endi yo‘q? Ammo u 18 yoshida Osiyodan chiqqan ajoyib iqtidor sifatida «Lokomotiv»ga ko‘chib o‘tganida barchasi ayanchli yakun topgandi. U o‘z iqtidorini namoyish eta olmadi va bunda Jasurning o‘zi aybdor. O‘zbekiston bilan bu yerning farqi bor. Kelgandan keyin indamay ishlash kerak.
Jaloliddinov 18 yoshida O‘zbekiston terma jamoasida o‘ynagan, hozir esa yo‘q. Agar g‘arb jamoalari uni taklif qilsa, bu variantni ham sinab ko‘rish mumkin, biroq hozircha bunday taklif ko‘rmayapman. Shomurodov Italiyada jismoniy jihatdan ancha yaxshi ko‘rinadi, Jasurga esa u yerda qiyin bo‘ladi. Lekin barchasi unga bog‘liq emas", — dedi Yuriy Belous.
Belous 2020 yil iyul oyida o‘zbekistonlik futbolchining «Bunyodkor»dan Moskvaning «Lokomotiv» jamoasiga o‘tishiga hissa qo‘shgandi. «Temiryo‘lchilar» bilan 5 yillik shartnoma imzolangan edi. Jaloliddinov «Lokomotiv» safida birorta ham o‘yin o‘tkazmadi va 2021 yil yanvar oyida moskvaliklar futbolchi bilan shartnoma bekor qilinganini e’lon qildi. Shundan so‘ng Jasur «Andijon» klubi bilan shartnoma imzolagan. Keyinchalik Toshkentning «Lokomotiv» jamoasi Jaloliddinovni o‘z safiga qo‘shib olgan edi. 2022 yil fevral oyida futbolchi Qozog‘istonning «Qayrat» jamoasiga ijaraga berib yuborildi.