Agarda mish-mishlar rost bo‘lsa, dunyodagi eng qimmat transferga ega futbolchi o‘z klubini o‘zgartiradi. "PSJ" prezidenti Nosir Al-Xelayfi jamoada jiddiy o‘zgarishlar qilishga kirishdi. Ushbu islohotlardan keyin braziliyalik yulduz Neymar, ortiq Parijda qolmasligi mumkin. Agarda bu ish amalga oshsa, hujumchi boshqa jamoa izlashiga to‘g‘ri keladi. Quyida uning ehtimoliy keyingi manzilini izlab ko‘ramiz.
"Chelsi"
"PSJ" 2017 yilda birgina Neymar uchun "Barselona"ga qariyb 200 million funt to‘lab bergandi. Shuni hisobga olgan holda aytish mumkinki, agarda futbolchi uchun jiddiy va katta hajmga ega taklif kelmasa, "PSJ" uni sotishi amri-mahol. Ushbu xaridga da’vogar jamoa sifatida "Chelsi" ham ko‘rsatishga qaror qildik. Negaki, London klubi yangi, amerikalik biznesmenning qo‘liga o‘tdi. Todd Byoli o‘zining ilk oynasidayoq katta ishlarni amalga oshirishni istashi tayin. Agar shunday bo‘lsa, Neymar varianti ayni muddao bo‘ladi. Bu narsa klub muxlislariga, qolaversa, APLning qolgan jamoalariga ham syurpriz bo‘lgan bo‘lardi. Neymarning o‘zi esa "Chelsi" ustozi Tomas Tuxel bilan yaxshi munosabatlarga ega. Negaki, bu juftlik 2018-2020 yillarda birga ishlagan.
"Barselona"
Neymarning jonajon klubiga qaytishi, shubhasiz katta ertaklardan biri bo‘ladi. Ammo katalon jamoasining ayni paytdagi moliyaviy holati bunga yo‘l bermaydi. Braziliya terma jamoasi a’zosi ayni damda oyiga 3,4 million funt maosh olmoqda. Bunday qiymat esa 1 milliard funtga yaqin qarzi bor klub uchun og‘irlik qilishi, turgan gap. Qolaversa, "Barselona"da Neymarni o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan bir nechta arzonroq nomzodlar mavjud.
"Nyukasl"
Pul haqida gap ketganida, endilikda "Nyukasl" uchun bu borada unchalik katta muammolar mavjud emas. Eddi Xau jamoasi o‘tgan oynada katta transferlar qilgan bo‘lishiga qaramay, ayni damga qadar jiddiy yurish qilganicha yo‘q. Saudiya Arabistoni kompaniyasi tomonidan sotib olingan klub, bir necha yil ichida APLda kuchli oltilik, hatto to‘rtlikka kirishi taxmin qilingan. Shunday ekan, Neymar kabi katta nom jamoa uchun zarar qilmaydi.
"Real Madrid"
Hozirgi futbolda axloqiy masalaga o‘rin qolmagan. Futbol biznesga aylangan. Biznes, biznes va yana biznes. Mana shu nuqtayi nazardan olib qaraganda, Neymarni hatto "Real"ga ham o‘tishini inkor qilib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, Neymar "Barselona"da 123 marta maydonga tushgan. Ammo yuqorida aytgandek, pul va biznes buning ahamiyatni yo‘qqa chiqara oladi.
"Manchester Siti"
Manchester shahrining ko‘k tomonidagilar allaqachon katta transferni amalga oshirib ulgurgan. Erling Xoland hujum uchun xarid qilindi. Gvardiola jamoasiga yana bir hujumchi kerakmikin? Bizningcha yo‘q. Negaki, Pep tizimi katta nomlarni qabul qila olmaydi. Aks holda, o‘tgan yozda Ronaldu "Manchester Siti"ga kelgan bo‘lardi. Ammo Neymar uchun bu variantni ham inkor qilib bo‘lmaydi.
"Manchester Yunayted"
"MYU"da dunyoning istalgan yulduzi o‘ynashni orzu qiladi. Bu bor gap. Ammo ayni damdagi klubning holati yaxshi emas. Yangi mavsumdan "MYU" YECHLda ishtirok etmaydi. Bu esa katta futbolchilarni jamoaga olib kelishni so‘roq ostiga qo‘yadi. Neymarga katta maosh va’da qilinsa, balki ten Xag jamoasiga kelar. Ammo "MYU" unga qanchalik muhtoj? Mana shu asosiy masala...
"Yuventus"
"Yuventus" uchun ham Neymar xarididagi eng katta muammo bu futbolchining katta maoshidir. Yaqinda chiqqan xabarlarda "PSJ" o‘z yulduzini Turin jamoasiga taklif etgani yoziladi. Sotib olish bilan muammo bo‘lsa ham, "Yuventus" hech bo‘lmasa, Neymarni ijaraga olishni o‘ylab ko‘rsa bo‘ladi.
Jaloliddin ISMATOV tarjimasi