Kirish Ro'yxatdan o'tish
10/10 05:00 Peru - Urugvay
10/10 14:10 Avstraliya 3-1 Xitoy
10/10 19:00 O‘zbekiston 0-0 Eron
10/10 19:00 Iordaniya 0-2 Janubiy Koreya
10/10 21:00 Bahrayn 2-2 Indoneziya
10/10 21:00 Qatar 3-1 Qirg‘iziston
10/10 21:00 Ummon 4-0 Kuvayt
10/10 21:00 BAA 1-1 KXDR
10/10 23:00 Iroq - Falastin
10/10 23:00 Saudiya Arabistoni - Yaponiya
11/10 01:00 Boliviya 1-0 Kolumbiya
11/10 02:00 Ekvador 0-0 Paragvay
11/10 02:00 Venesuela - Argentina
11/10 05:00 Chili - Braziliya

Ronaldu nima uchun “MYU”dagi vaziyatdan xavotirda?

Ronaldu nima uchun “MYU”dagi vaziyatdan xavotirda?

Baho:
+ | -

“Manchester Yunayted” o‘zining eng yaxshi yulduzini yo‘qotish xavfi ostida qolmoqda.

Krishtianu Ronaldu asabiy tushkunlik yoqasida va u “Manchester Yunayted”da qolish-qolmasligiga shubha qilmoqda. Klubdagi vaziyat portugaliyalik futbolchini xavotirga solyapti. Bu haqda Ispaniyaning nufuzli AS nashri xabar berdi. Qayd etilishicha, Ronaldu o‘yinchi sifatidagi so‘nggi mavsumlarini sovrinlar qo‘lga kiritishga yaramaydigan jamoada o‘tkazishni istamaydi.

37 yoshli forvard “Manchester Yunayted” bilan shartnomasi yakunlanmagunicha klubdan ketmaslikka ahd qilgan edi, biroq hozirda u o‘zini noqulay ahvolda his qilmoqda. Bu holat jamoaning Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmagani yoki keyingi mavsumda Yevropa ligasida o‘ynashi sababidan emas. Muammoning mohiyati yanada fundamentaldir.

Nega Ronaldu jonajon klubida baxtsiz?

Erling Xolandning “Manchester Siti”ga, Darvin Nunyesning “Liverpul”ga o‘tishi Krishtianuni “Manchester Yunayted” kelasi mavsumda APL yetakchilaridan yanada ortda qolishidan qo‘rqishiga sabab bo‘ldi. Ronaldu “MYU”ning kuchayishini istaydi, ammo jamoada futbolchi umid qilayotgan o‘zgarishlar bo‘lishi dargumon.

Bir tomondan Krishtianuni tushunish mumkin. Ronaldu o‘tgan yozda “Manchester Yunayted”ga jiddiy umidlar bilan qaytgan edi. U jamoa APL favoriti bo‘lishga yaqin emasligini va faqat juda yaxshi sharoitdagina chempionlik uchun kurasha olishini tushunib yetgan.

Krishtianu o‘tgan yilning noyabr oyida chempionat muvaffaqiyatsiz boshlangani uchun Ole-Gunnar Sulsher bosh murabbiylik lavozimidan chetlatilishini kutmagan bo‘lsa ham kerak. Uning o‘rniga kelgan Ralf Rangnik esa jamoani o‘zgartira olmadi, biroq u muammolar ildizi qayerda ekanini ko‘rsatib berdi va mavsum oxirida lavozimidan ozod etildi.

“Manchester Yunayted”ning amaldagi murabbiyi – gollandiyalik Erik ten Xag. Ronaldu shu hafta u bilan uchrashuv o‘tkazdi. Taniqli insayder Fabrisio Romanoning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar yaxshi o‘tgan. Biroq, Krishtianu o‘zining kelajagiga hali ham shubha bilan qaramoqda.

“Manchester Yunayted” transfer kampaniyasini juda sust olib bormoqda

Ayni damda Ronaldu yangi klublar bilan muzokaralar olib bormayapti. Vaziyat tez orada o‘zgarishi mumkin. Garchi “MYU” ko‘plab o‘yinchilarga qiziqish bildirayotgan bo‘lsa-da, ularning hech biriga jiddiy taklif yubormagan. Hozir Pol Pogba, Xuan Mata, Nemanya Matich, Jessi Lingard va Edinson Kavani klubni erkin agent sifatida tark etdi.

“Brentford”da qolish yoki “Tottenxem”ga qaytishdan boshqa narsani o‘ylamayotgan yarim himoyachi – Kristian Eriksen va “Ayaks” himoyachisi Yurriyen Timber “Manchester Yunayted”ga o‘tish variantini rad etdi. “Qizil iblislar” “Lids” yarim himoyachisi Kalvin Fillipsni qo‘lga kiritish ustida ishlamoqda, biroq jamoa APLdagi o‘rnini saqlab qolgani va “Manchester Siti”dan futbolchiga bo‘lgan qiziqish sabab kelishuv imkoniyatlari pasaydi.

“MYU” ayni damda Frenki de Yong (“Barselona”), Pau Torres (“Vilyarreal”), Entoni (“Ayaks”) va David Karma (“Braga”) bilan shartnoma imzolamoqchi. Ehtimol, ulardan biri yangi mavsumni “Old Trafford”da o‘tkazishi mumkin. “Manchester Yunayted” boshqaruvchi direktori Richard Arnold va klub sport direktori Jon Murto xotirjamlikni saqlab qolishmoqda. Ular De Yong bilan shartnoma, albatta, muvaffaqqiyatli yakunlanishiga amin, chunki “Barsa”da jiddiy moliyaviy muammolar bor.

Hozirgi “Manchester Yunayted” Krishtianuning ambisiyalariga mos kelmaydi

Yuqorida nomi tilga olingan barcha futbolchilar va “Manchester Yunayted”ning hozirgi tarkibida qolgan o‘yinchilar bilan birga chempionlikka erishish juda qiyin. Jamoa imkoniyatini bilish uchun “Manchester Siti” va “Liverpul”ning tarkibiga qarash kifoya. Ronaldu hamma narsadan yaxshi xabardor. Hozirgi “Manchester Yunayted” uchun eng yaxshi natija, agar Ten Xag o‘z ishining uddasidan chiqsa va super jamoa maqomidan uzoqda bo‘lgan klubda sog‘lom muhit yaratsa, APLda 4-o‘rin uchun kurashishi mumkin. Chempionlik masalasi “Siti” va “Liverpul” o‘rtasida hal bo‘lishi ehtimoli katta. Klub Yevropa ligasida g‘alaba qozonishi mumkindir, ammo bu Krishtianuning ambisiyalariga to‘g‘ri kelmaydi.

37 yoshli Ronaldu o‘tgan mavsum “Manchester Yunayted” safida 39 o‘yinda 24 gol urdi va 3 golga assistentlik qildi. Krishtianu hali ham Chempionlar ligasining istalgan top-klubida o‘ynashga loyiq. Barcha grand klublar ham unga eng muhim rolni taqdim qilmasligi mumkin, lekin, Ronalduni Robert Levandovskiga o‘rinbosar sifatida ko‘rayotgan “Bavariya”da Krishtianuga munosib o‘yin vaqti va barcha jabhalarda sovrinlar uchun kurashish imkoniyati beriladi.

Shu sababdan Ronaldu nochor ahvolda. Unda chidash uchun boshqa kuch yo‘q. Yoki “Manchester Yunayted” yaqin vaqt ichida sifat jihatidan yaxshilanadi, yoki 37 yoshli futbolchi avgust oyi oxirigacha boshqa jamoaga o‘tib ketishi mumkin. Birinchi ssenariyni amalga oshirish dargumon. Demak, “Manchester Yunayted” rahbariyati Krishtianu sodiqlik ko‘rsatib, keyingi mavsum “Old Trafford”da qolishga rozi bo‘lishi uchun faqatgina mo‘’jizaga umid qilishi mumkin. Agar bu amalga oshmasa, bunday o‘yinchining yo‘qotilishi top-klub darajasidan uzoqlashayotgan jamoa obro‘siga katta zarba bo‘ladi.

Manba: www.championat.com
Kiritildi: 19:22, 24.06.2022.
O'qildi: 7163 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.