“Bunyodkor” yozgi transferlar oynasida tarkibiga rossiyalik yarim himoyachi Pavel Mogilevesni qo‘shib oldi. Faoliyati davomida “Zenit”, “Rubin”, “Rostov”, “Ximki” va “Nijniy Novgorod” klublari safida Rossiya premyer ligasida jami 148 ta uchrashuvda maydonga tushib, jamoadoshlarining 10 ta goliga hammualliflik qilgan bo‘lsa, 4 marta o‘zi raqib posbonlarini ranjitgan. "So‘g‘diyona"ga qarshi kechgan uchrashuvda Superligadagi debyutini amalga oshirgan Pavel "Bunyodkor" saytiga dastlabki taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Pavel "Bunyodkor"ga o‘tishingiz qay tariqa amalga oshdi?
- Dastlab ko‘rikka taklif qilishdi. Jamoaning Minskdagi yig‘inida ishtirok etdim. Ikkita uchrashuvda maydonga tushdim. Yakunda shartnoma imzoladik, tamom. Qisqacha fikrim shu.
- Chorlov aynan kim tomonidan kelib tushdi? Agentlar yoki bosh murabbiyning o‘zi?
- Do‘stim O‘zbekistonda ancha yillar oldin to‘p tepgandi. Uning bu yerdagi tanishlari yetarlicha. Murabbiy va rahbariyat esa men bilan yig‘inda tanishdi.
- Klubdagi ilk taassurotlar qanday?
- Ta’kidlash joizki, klubdagilar meni yaxshi qabul qilishdi. Moslashishimga ko‘maklashishmoqda. Jamoadoshlarimga buning uchun rahmat aytib qolaman. Umid qilamanki, keyingi o‘yinlarda g‘alabalar qozonishni boshlaymiz. Bu ko‘p kuttirmaydi, deb o‘ylayman.
- "So‘g‘diyona" bilan o‘yinda jamoa mag‘lubiyatga uchradi. Mazkur bahs siz uchun Superligadagi debyut bo‘ldi. Xo‘sh qanday fikrlar yuzaga keldi?
- "So‘g‘diyona"ni oddiy raqib, deya olmayman. Bejizga turnir jadvalida sovrinli o‘rinlar uchun kurashayotgani yo‘q. Biz esa ularning kuchli taraflarini zararsizlantira olmadik. Deylik qanotlardan uzatmalar, qarshi hujumlarda ular jazoladi. Xatolarimizdan foydalanib ketdi, xolos. Lekin hozirda katta kuch bilan navbatdagi o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Bizni murakkab hafta kutib turibdi.
- "Bunyodkor"ning ayni paytda egallab turgan o‘rniga qanday munosabatdasiz?
- Klub avvalgi yillarda qanday o‘rin egallaganini ko‘rib chiqdim. Albatta, "Bunyodkor" turnir jadvaliga o‘ziga munosib o‘rinda emas. Vaziyatni o‘zgartirish uchun maksimal darajada harakat qilamiz. Bu yo‘lda jamoaga bor kuchim bilan yordam berishga harakat qilaman.