Kirish Ro'yxatdan o'tish
13/03 01:00 Arsenal 2-2 PSV
13/03 01:00 Aston Villa 3-0 Bryugge
13/03 01:00 Atletiko 1-0 Real Madrid
15/03 00:45 Jenoa - Lechche
15/03 01:00 Las-Palmas - Alaves
15/03 18:00 Valyadolid - Selta
15/03 19:00 Monsa - Parma
15/03 19:00 Udineze - Verona
15/03 20:00 Everton - Vest Xem
15/03 20:00 Ipsvich - Nottingem Forest
15/03 20:00 Manchester Siti - Brayton
15/03 20:00 Sautgempton - Vulverhempton
15/03 20:15 Malyorka - Espanyol
15/03 22:00 Milan - Komo
15/03 22:30 Vilyarreal - Real Madrid
15/03 22:30 Bornmut - Brentford

Antonio Ryudiger: «Anchelotti futbolchilar bilan muloqotda benazir»

Antonio Ryudiger: «Anchelotti futbolchilar bilan muloqotda benazir»

Baho:
+ | -

Kutilganidek, «Real» o‘yin uslubiga yengilgina moslashib olgan germaniya­lik Antonio Ryudiger Sport1 nashriga bergan intervyusida futbolchilik hayotidagi so‘nggi muhim voqeliklarni tahlil qildi.

Oddiy aytganda, baquvvat markaziy himoya­chi «Qirollik klubi» safiga qo‘shilishi sababiga yana bir bora to‘xtaldi, shuningdek, bosh murabbiy Karlo Anchelotti bilan hamkorlikdan yayrayotganini alohida ta’kidladi.

- Tushunarliki, «Real»ning mavsum startidagi ajoyib natijalarida Karlo Anchelottining o‘rni beqiyos. Bu borada nima deysiz?

- Mutlaqo to‘g‘ri fikr. Hozirgi natijalar adolatli, muhimi, barcha yigitlar jamoa sifatida ishlashdan o‘zgacha zavqlanishyapti. Jumladan, o‘zim tarkibga hech qanday muammosiz moslashdim. To‘g‘risi, faoliyatim davomida boshqa biror jamoa o‘yiniga bu qadar yengil kirishib ketmagandim. «Real»da hammasi ideal bo‘ldi! 

- Aytishlaricha, Anchelottiga o‘z qo‘lingiz bilan barbekyu pishirib beribsiz. Bu iltifotmi yoki...?

- Tasodifiy holat. Oilam bilan yangi uyga ko‘chib o‘tgach, yaqinlarimga kabob pishirib berishga chog‘landim va endi ishga kirishganimda, birdan eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Ochib qarasam, qarshimda Karlo Anchelotti turibdi. Albatta, hayron qoldim va tabiiyki, uni ichkariga taklif qildim. Xullas, don Karlo yangi uydagi ilk mehmonimiz bo‘ldi, biz bilan birga ovqatlandi va shu bahona oilam bilan tanishib oldi. Oddiy, juda kamtarin inson. Don Karlo chamasi 2 soat biz bilan chaqchaqlashib o‘tirdi, bu orada turli mavzularda gaplashdik. Ochig‘ini aytaman, bunday holatga birinchi marta duch keldim. Har holda, biror murabbiy uyimga borib, oilam va hayotga qarashim bilan yaqindan tanishmagandi. Mana, bir necha oydan buyon Anchelotti qo‘l ostida ishlayapman va qat’iy ishonch bilan e’tirof etaman: futbolchilar ko‘ngliga yo‘l topish, o‘zaro muloqot o‘rtanishda unga yetadigani yo‘q. Vaholanki, don Karlo afsonaviy murabbiy, deylik, CHLda kubok yig‘a boshlaganida, hali yosh bolakay edim. Dunyoning eng zo‘r klubida shunday murabbiy bilan har kuni birga ishlash - fantastika! 

- O‘zi yoshlikda kimga kumir sifatida qaragansiz?

- «Real»da yorqin iz qoldirgan Pepe men uchun asosiy namuna edi, hamisha unga o‘xshashni xohlaganman. Pepe raqiblar bilan «jang»ga kirishgan videolavhalarni qayta-qayta tomosha qilardim. O‘sha vaqt juda yosh bo‘lsamda, hammaga nisbatan o‘ta qattiqqo‘llik bilan qarshilik qila olishimni ko‘rsatishga intilardim. Pepe qanchalik kuchli ijrochi bo‘lganini so‘z bilan ifodalash qiyin. Nafaqat yakkakurashlar yoki to‘qnashuvlar, balki o‘yinlarga yondashuvda ham. To‘g‘ri, bugun madridliklar Pepe maydondan tashqarida o‘ta xotirjam yigit bo‘lganini aytishyapti.

- Jamoada sizga qanday murojaat qilishyapti?

- Bizda Toni bor - Kroos. Meni esa murabbiylar ismim bilan chaqirishadi. To‘g‘ri, yigitlar biroz qisqaroq variantni ma’qul ko‘rishmoqda - Rudi. Albatta, ular allaqachon mutlaqo aqldan ozgan yigit ekanligimni bilib olishdi.

- «Real» kiyinish xonasida yangraydigan musiqalar ma’qul tushyaptimi?

- Tasodifiy musiqa qo‘yilmaydi. Bunga Karim Benzema mas’ul - u kiyinish xonasi boshlig‘i (kuladi). Muammo yo‘q, Karim tanlagan musiqalarga chidash mumkin.

- Sizni yangi klubdoshlaringizdan aynan kim ko‘proq hayratda qoldirdi?

- Toni Kroos, albatta. Biz terma jamoada hamisha yaxshi munosabatda bo‘lgan va bir-birimizga hurmat bilan qaraganmiz. Shunday bo‘lsada, juda kam muloqotga kirishardik. Ehtimol, vaqt kamligi uchundir... Mana, Madridda butunlay boshqa Toni Kroos bilan tanishdim! U ispan tilida ju-da yaxshi gapiradi, samimiy va juda ochiq yigit. Toni ilk kunlardanoq meni til masalasida qo‘llab-quvvatladi va bosh­qa jihatlarda ham yordamini ayamadi. Asosiysi, Kross - o‘ta xotirjam yigit.

- Endi Madridga ko‘chib o‘tishingiz tafsilotlari haqida ham gapirib bersangiz.

- Oldimda ikki variant bor edi: «Chelsi»da qolish yoki «Real» taklifini qabul qilish. Germaniya Bundesligasi esa jiddiy variant emasdi. Hammasini aprel oyi oxirlarida aniqlashtirdim. Lekin transfer masalasi hal bo‘lishiga qadar akam meni biroz sarosimaga soldi. Binobarin, CHL chorak finalida aynan «Real»ga qarshi o‘ynadik. Birinchi o‘yinda mag‘lubiyatga uchragach, u to‘satdan ogohlantirdi: «Toni, o‘tishing amalga oshish-oshmasligini bilmayman! Javob uchrashuvida bor hunaringni ko‘rsatishing shart». Bundan boshim aylanib ketdi va ayni shu ogohlantirish ham menga o‘zgacha turtki bo‘ldi.

- «Santyago Bernabeu» ta’sirida qandaydir sir bormi?

- Tribunalar uzoq vaqt sukut saqlaydi, hamma jim o‘tiradi, keyin birdaniga stadion larzaga keladi va raqib shunchaki, «muzlab» qoladi, go‘yo. Fikrimcha, «Real» muxlislari futbolni juda yaxshi tushunishadi va qachon jamoa bilan bir tan bo‘lish kerakligini aniq bilishadi.

- O‘tgan mavsum Madridda chiroyli «kambek» qilishing­larga oz qolgandi...

- Eh, Timo Verner hisobni 3:0ga yetkazgach, o‘zimcha o‘yladim: «Bo‘ldi, «Real» pishdi!» Hech bir jamoa final hushtagi chalinishiga 10 daqiqa qolgan pallada «Chelsi»dagi kabi holatga tushmagandi, hattoki, Madridda ham. O‘shanda mahalliy muxlislar o‘z jamoalariga qarshi chiqib, norozilik ohangida hushtakbozlik boshlashlarini kutganim ham rost. Aslida biroz hazillashishni o‘yladim (kuladi). Ammo bunga asos yo‘q edi. Muxlislar biz emas, «Real» gol urgandek baqirishardi. Shunda stadion havosi biroz qo‘rquv soldi. Yana 4 daqiqadan keyin Modrich oyog‘ining tashqi tomoni bilan fantastik uzatma berdi va hammasi ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketdi.

- «Real» libosini kiygach, qandaydir o‘zgacha bosimni sezdingizmi?

- Klubning kuchi mislsiz darajada katta. Tashqaridan qarab, buni ozmi-ko‘p tasavvur qilish mumkin, lekin barchasini shaxsan boshdan kechirish - butunlay boshqacha. Bu yerda hammasi g‘alaba yo‘liga qaratilgan. Boshqa variant yo‘q. Luka, Toni yoki Karim kabi yigitlarga qarar ekanman, hayratdan yoqa ushlayman... Ular shu qadar xotirjamki, hattoki, finalga ham eng oddiy o‘yindek qarashadi.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 12:00, 01.10.2022.
O'qildi: 1520 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.