Kirish Ro'yxatdan o'tish
04/12 00:30 Ipsvich 0-1 Kristal Pelas
04/12 01:15 Lester 3-1 Vest Xem
05/12 00:30 Nyukasl 3-3 Liverpul
05/12 00:30 Sautgempton 1-5 Chelsi
05/12 00:30 Everton 4-0 Vulverhempton
05/12 00:30 Manchester Siti 3-0 Nottingem Forest
05/12 01:00 Atletik Bilbao 2-1 Real Madrid
05/12 01:15 Aston Villa 3-1 Brentford
05/12 01:15 Arsenal 2-0 Man. Yunayted
06/12 00:30 Fulhem - Brayton
06/12 01:15 Bornmut - Tottenhem
06/12 22:30 Inter - Parma

Davide Anchelotti: «Futbolchilar bilan muloqotda o‘zligimda qolaman»

Davide Anchelotti: «Futbolchilar bilan muloqotda o‘zligimda qolaman»

Baho:
+ | -

Davide Anchelotti (hozir 33 yoshda) besh xil tilda bemalol gapira oladi, murabbiylikni sidqidildan o‘rgangan va bugungi kunda Anchelottining ikkinchi yarmiga aylangan.

AS bilan suhbatni Davide shunday boshladi:

- Otamning «Redjana»da murabbiy sifatida ishlagan birinchi yilini eslayman. Men olti yoshda edim. U bilan tez-tez sport shaharchasiga borardim, u yerda haqiqatan ham maydon va bir nechta kiyim almashtirish xonalari bor edi, xolos. Har doim mashg‘ulotlarga u bilan birga borishni yoqtirardim. Shuningdek, «Parma» haqida ajoyib xotiralarim ham bor. Jamoada Buffon, Krespo, Tyuram, Kannavaro va boshqa fantastik o‘yinchilar bor edi. Va aytaylik, yoshi tufayli yoki futbolchilar hozirgidek yulduz bo‘lmagani uchun uyimizga - kechki ovqatga tez-tez kelib turishardi.

- Futbolga muhabbat qayerdan kelgan?

- Mening birinchi futbol muhabbatim - Kakadir. U «Milan»ga ilk kelgan payt - 2004 yilda men 15 yoshda edim.

- Futbolchilik faoliyatingizni ancha erta yakunladingiz...

- Futbolni tark etish o‘zimning qarorim edi. Bu oson emasdi. Ammo bugun juda to‘g‘ri qaror bo‘lganligini ko‘rmoqdaman. Murabbiy bo‘lishga qaror qildim va bu foydamga ishladi. 33 yoshda o‘n bir yillik ish stajim bor. Futbolni tark etish menga o‘qish, sayohat qilish, til o‘rganish imkonini berdi... Bu baxtli tanlov edi.

- Hozir otangiz qo‘l ostida ishlayapsiz. Mustaqil murabbiylik faoliyatingizni qanday ko‘rmoqdasiz?

- Otam bilan ishlash haqiqatini hisobga olsak, bu qaysidir jihatlarda katta umidlarni uyg‘otadi va bu menga katta motivasiya, muvaffaqiyatga erishish uchun esa katta ishtiyoq uyg‘otadi. Men ham pastdan kelganlar kabi ochlikni his qilyapman deb ayta olmayman, chunki hech narsaga muhtoj bo‘lmagan oilada tug‘ilish baxtiga muyassar bo‘ldim. Siz aytishingiz mumkin: «Bu odam hamma narsa bilan ta’minlangan, u och emas», deb. To‘g‘ri, men muvaffaqiyatga chanqog‘imni boshqa narsalarda, o‘zimni isbotlash zaruratida, umidlarni oqlashda, murabbiyning o‘g‘li ekanligimdan kelib chiqqan shubhada topaman... Bularning barchasi mening motivasiyamga aylanadi.

- «PSJ»dagi davringizda nimalarni o‘rgandingiz?

- Maydonda tajriba orttirish, futbolchilar bilan munosabatlarni o‘rnatish men uchun juda foydali bo‘ldi. U yerda ko‘plab iste’dodlilar bor edi, masalan, Rabyo, Menyan, Koman, Sabali, Mussa Dembele...

- Keyin «Real»da Jovanni Maurining fitness-murabbiylari jamoasi tarkibida ishladingiz...

- Ammo o‘sha yerda men murabbiy sifatida shakllana boshladim...

- «Bavariya»dagi o‘zgarish burilish nuqtasi bo‘ldimi?

- Bu jarayonni tezlashtirdi, Klement yanvar oyida Premyer-ligaga yo‘l oldi, men esa birinchi yordamchi roliga o‘tib qoldim. Va bu menga yordam beradi. Ehtimol, tayyor bo‘lmagan bir paytimda katta mas’uliyat yuklangandir, ammo bu stressli vaziyat edi, men undan juda kuchli bo‘lib chiqdim.

- Ota va o‘g‘il tandemi qanday ishlaydi?

— Otam o‘z his-tuyg‘ularini yaxshi nazorat qilishni biladigan vazmin odam. Bu unga o‘z jamoasi uchun ajoyib rahbar bo‘lishga imkon beradi. U hech qachon o‘zini yo‘qotmaydi, mas’uliyatni qanday topshirishni biladi. Bu esa oson emas.

- Don Karlo haqiqatan ham o‘ziga maslahat berishga ruxsat beradimi?

- U hamma narsani tinglaydi, lekin har doim o‘zi qaror qabul qiladi. Biroq, butun jamoasiga gapirishga ham imkon beradi. To‘biiyki, bu ko‘plab ichki munozaralar va g‘oyalar qarama-qarshilik muhitini keltirib chiqaradi, bu esa uning boshida va tafakkurida yosh qolishga imkon beradi. Unga har doim hamma narsada u bilan rozi bo‘ladigan odamlardan iborat murabbiylar shtabi kerak emas. Va bu menga o‘g‘li sifatida yordam beradi, chunki murabbiy oldida qo‘rquv to‘sig‘i yo‘q. O‘rtamizda doimiy raqobat bor va bu menga yoqadi. Ba’zida bahslashamiz, lekin menimcha, bu barchamiz uchun yaxshi.

- «Real Madrid»dek keskin muhitda ota-bola munosabatlari oson bo‘lmasa kerak?

- U xuddi otalardek menga hech qachon ovozini ko‘tarmagan. Meni so‘kkanini hech eslolmayman. Xarakterlarimiz ham o‘xshash: mojarolardan qochishga harakat qilamiz, o‘ta xotirjammiz. Tanglik faqat futbol bahsi natijasida yuzaga keladi, keyin esa u qabul qiladigan qaror bilan tugaydi, chunki mas’uliyat uning o‘zida.

- O‘zingizni murabbiy sifatida qanday ta’riflaysiz?

- Futbolchilar bilan muloqotda o‘zligimda qolishga harakat qilaman. O‘zimni ancha ochiq, xotirjam, rahbarlikni ko‘rsatishni istamaydigan odam, deb bilaman... Bu oson emas. Birinchi navbatda, futbolchilarning kiyinish xonasiga ha deb kiravermayman, bu menga yoqmaydi. U yer o‘yinchilar bir-biri bilan muloqot qiladigan joy. Ha, otam ba’zan u yerga boradi. Lekin men undan qochaman, chunki meni u yerga tinglash uchun kelgan odam sifatida qabul qilishlarini xohlamayman.

- Futbol haqidagi o‘z fikringiz qanday?

- Otam doimo futbolda hamma narsa kashf etilganligini aytadi va men unga qarshi chiqmoqchi emasman. Lekin o‘ylaymanki, futbol rivojlanishdan to‘xtamaydi. Umuman, futbol borasidagi fikrlarimiz bir xil. Keyin muhokamalar, tafsilotlar bor. U menga bu sportning futbolchilari ekanligini, yaxshi murabbiy bo‘lishni istasam, bor narsamga moslashish kerakligini o‘rgatdi. Va har bir o‘yinchi o‘zini isbotlay oladigan o‘yin yaratishga. Buni qilganingizda, o‘zingizni baxtli his qilishingiz mumkin. Agar o‘yinchilaringizga qulay ekanini ko‘rsangiz, demak muvaffaqiyatga erishdingiz. Agar ular tizim tufayli qiynalayotganini ko‘rsangiz, unda siz yaxshi ishlamayapsiz. Otamning bu tushunchasi juda muhim va u o‘z faoliyatida bo‘lgani kabi moslashuvchan bo‘lish oson emas. Oxir-oqibat otam juda kamtar, ammo 4-3-2-1 sxemasini aynan u o‘ylab topgan. U shunchaki menejer emas, sportga taktik darajada katta hissa qo‘shgan shaxs. U har doim futbolchilar bilan ishlashni biladigan yaxshi inson hisoblangan. Bu uning kuchli tomonlaridan biri, lekin futbol haqida juda ko‘p bilimga ega, o‘z jamoalari bilan boshqacha o‘ynashni biladi va bu katta ustunlikdir.

- Davide Anchelottini bosh murabbiylik lavozimida qachon ko‘ramiz?

- Otam murabbiylik faoliyatini tugatishi bilanoq, uning ishini davom ettirishni xohlayman.

 MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 10:00, 23.01.2023.
O'qildi: 1369 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.