Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Shavkat Saidov: «Metallurg» akademiyasi – orzular oshiyoni!»

Shavkat Saidov: «Metallurg» akademiyasi – orzular oshiyoni!»

Baho:
+ | -

Bekobodning “Metallurg” PFK qoshida faoliyat yuritayotgan futbol akademiyasi tarbiyalanuvchilari Ispaniya mamlakatiga ketma ket ikkinchi yil safar uyushtirmoqda. Safarga futbol akademiyasida tahsil olayotgan eng namunali, intizomli, a’lochi o‘quvchilar olib ketilayapti. Piriney oroliga yo‘l olgan bu yilgi delegasiyaga “Metallurg” PFK bosh direktori Shavkat Saidov boshchilik qilayapti. Biz Ispaniya safaridan ko‘zlangan maqsad, xalqaro turnirdagi yoshlarimizning ishtiroki, futbol festivali taassurotlar hamda dastlabki xulosalarni bilish maqsadida Shavkat Saidov bilan bog‘landik.

— Ispaniyaga omon eson yetib keldik. Mamlakat poytaxti Madrid shahrida ikki kun bo‘ldik. Barchaga ma’lum, klubimiz qoshida faoliyat yuritayotgan “El Golaso” futbol akademiyasi Qirollik klubi – “Real” (Madrid) akademiyasi bilan uzviy aloqalarni o‘rnatgan. Akademiyamiz Nizomiga binoan har yili 50 nafar eng namunali tarbiyalanuvchilarni Madridga jo‘natishimiz, qirollik klubi akademiyasidagi sharoitlar bilan tanishtirishimiz, ularga yangi cho‘qqilarni zabt etish uchun qo‘shimcha motivasiya berishimiz kerak. Bu yil o‘zim ham guvohi bo‘layapman, jahonning Top klubi sanaluvchi “Real” (Madrid) akademiyasiga tashrif buyurish o‘quvchilarimizga qanchalik ijobiy ta’sir ko‘rsatishini. Barcha yigitlarimiz o‘zlarining kumirlari bo‘lgan futbolchilarni yetishtirib bergan mashhur akademiyadagi har bitta detalni ko‘zlari chaqnab kuzatishayapti. O‘rganishayapti, o‘rnak olishayapti. Kelajakda qirollik klubining mashhur namoyondalari – Zidan, Ronaldu, Benzema kabi taniqli futbolchi bo‘lib yetishishni dillariga tugishmoqda. Nufuzli chempionatlarda, yetakchi klublarda to‘p surishni orzu qilishayapti. Tom ma’noda “Real” futbol akademiyasiga kelib, “Santeyago Bernabeu” bilan tanishib, ulkan taassurotlarga ega bo‘lishmoqda. Ular Vatanimizga qaytgandan so‘ng, o‘z ustlarida tinimsiz ishlashlariga, izlanishlariga shubha qilmayman. “Metallurg” futbol akademiyasini orzular akademiyasiga, orzular oshyoniga aylantirayotgan TA’SISCHIMIZ – O‘zbekiston metallurgiya kombinati aksionerlik jamiyati boshqaruvi rahbariyatiga imkoniyatdan foydalanib alohida minnatdorchilik bildiraman.

Ikkinchi yildirki O‘zmetkombinat “Metallurg” futbol akademiyasi delegasiyasini Ispaniya safariga o‘z vaqtida jo‘natayapti. Tarbiyalanuvchilarimizning dunyoga dong‘i ketgan “Real” (Madrid) futbol akademiyasi bilan yaqindan tanishib, katta futbol olami sari dadil, ishonch bilan parvoz qilishlariga zamin yaratayapti. Bu yil qo‘shimchasiga yoshlarimizning xalqaro maydonlarda o‘z kuch va mahoratlarini sinab ko‘rish imkoniyati taqdim etildi. 31-marta o‘tkazilayotgan yirik xalqaro futbol festivali – “Donosti Cup – 2023” da qatnashishimizga sharoitlar yaratib berildi, deydi Shavkat Ne’matjonovich.

— “Donosti Cup – 2023” turniri haqidagi taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?
— To‘g‘risi, taassurotlarimni so‘z bilan ifodalash qiyin. “Donosti Cup – 2023” musobaqasining tantanali ochilish marosimi hamda masshtabini ko‘rib lol qoldim. Turnirning tantanali ochilish marosimi xuddi Olimpiada, Osiyo o‘yinlari, jahon chempionatlarinikidek ulug‘vor tashkillashtirilgan. Sig‘imi 32000 tomoshabinga mo‘ljallangan “Real Arena” muxlislar bilan gavjum bo‘ldi. Har bitta delegasiyaga alohida e’tibor qaratilgan. Qatnashchilar sharafiga stadionga mamlakat bayroqlarining olib kirilishi, jamoalarning tantanali paraddan o‘tishi, hamma hammasi tomoshabinni hayajonda ushlab turdi. Shaxsan o‘zim mazkur marosim bir soat atrofida davom etgan bo‘lsa, paraddan o‘tgan yigitlarimiz, tinimsiz hilpirab turgan Muqaddas bayrog‘imizdan ko‘z uzolmay, to‘lqinlandim. Delegasiyamizning barcha a’zolari singari hayajonimning cheki bo‘lmadi.

— “Donosti Cup – 2023” turnirining tashkiliy jihatlaridan yana nimalarni e’tirof etgan bo‘lardingiz?
— “Donosti Cup – 2023” aytib o‘tganimdek juda katta masshtabdagi – Futbol festivali. Musobaqada sayyoramizning barcha qit’alaridan – 26 mamlakatdan, 870 ga yaqin qizlar va yigitlar jamoalari ishtirok etishayapti. Betakror tabiat qo‘ynida barpo etilgan “Futbol shaharchasi” desam ham mubolag‘a bo‘lmaydi – 50 ta ideal futbol maydonlari qatnashchilar ixtiyoriga berib qo‘yilgan. Musobaqani kuzatishgan kelayotgan tomoshabinlardan tashqari, ishtirokchilarning o‘zi 20000 kishidan ziyodroqdir. Endi tasavvur qilavering, shuncha katta hajmdagi ishlarni boshqarish, namunali o‘tkazish uchun qancha kuch va mehnat talab etiladi. Biz musobaqaga kelishimizdan avval turnir direksiyasi bilan bog‘langan, barcha tashkiliy ishlarimizni kelishib, rejalashtirib olgandik. San Sebastyan shahriga yetib kelgach, bizga va’da qilingan sharoitlar ortig‘i bilan taqdim etilganini ko‘rib, juda xursand bo‘ldik. Mashg‘ulot o‘tkazish, turnirda yuqori saviyada qatnashish uchun hamma sharoitlar ishtirokchilarga muhayyo etib qo‘yilgan.

— “Metallurg” yigitlarining turnirdagi muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlash, ularni qo‘llab quvvatlashdan tashqari boshqa rejalarni ham amalga oshirayotgandirsiz?
— To‘g‘ri ta’kidladingiz, bunday yirik tadbirdan qatnashib, tajriba orttirmaslik, o‘rganmaslik mumkin emas. Kuni kecha biz “Donosti Cup – 2023” turniri tashkiliy qo‘mitasi rahbariyatining qabulida bo‘ldik. Turnir asoschisi va bosh direktori Inigo Olaizola hamda uning yordamchisi Mayte Rodil del Ser bilan bir yarim soat davom etgan muloqotimiz mobaynida mezbonlar “Metallurg” klubimiz, futbol akademiyamiz xususida batafsil ma’lumot olishga intilishdi. O‘zbekiston futboli, infratuzilmamiz, uning yutuqlari haqida atroflicha so‘zlab berdik. O‘z navbatida “Donosti Cup – 2023” turnirining tashkiliy ish jarayonlarini ulardan so‘rab, bilib, o‘rgandik. Tajriba almashdik, desak ham bo‘ladi. Ispaniya futboli juda yuqori darajada taraqqiy etgan mamlakat. Ulardan o‘rganadigan jihatlarimiz ko‘p. San Sebastyan shahri futbol mutasaddilari bilan muloqot chog‘ida biz ularni yurtimizga taklif qildik. Hamkorligimizni yanada uzviy, mustahkam davom ettirish, yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldik.

Manba: https://t.me/metallurguz
Kiritildi: 18:28, 06.07.2023.
O'qildi: 1117 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.