Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Samvel Babayan: «Endilikda «Navbahor»ni butun Osiyo, hattoki, dunyo tanimoqda»

Samvel Babayan: «Endilikda «Navbahor»ni butun Osiyo, hattoki, dunyo tanimoqda»

Baho:
+ | -

O‘zbekiston kubogi chorak finalidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Surxon” (2:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Samvel Babayan ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi.

“Lochinlar” ustozi odatdagidek, o‘z so‘zini o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.

– Assalomu alaykum! Barchani bugungi g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yin oson bo‘lmadi. Boisi, bu O‘zbekiston kubogining chorak final bahsi. Yigitlarga rahmat, ular ancha mehnat qilishdi. Menimcha, natija adolatli bo‘ldi.

– O‘yindan keyin maydonning boshqa tarafiga yo‘l olganligingiz muxlislar orasida turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqardi. Shu borada izoh bersangiz...
— Klub qarorgohidagi xonam maydonga yaqin bo‘lganligi bois, kiyimlarimni almashtirib chiqdim. Bor gap shu xolos. Mish-mishlar borasida to‘xtaladigan bo‘lsam, mening “Navbahor” bilan tuzilgan shartnomam bor. Ushbu jamoada faoliyat olib borayotganligimdan faxrlanaman. Ancha mehnat qilib, shu darajaga yetdik. Endilikda “Navbahor”ni butun Osiyo,  hattoki, dunyo tanimoqda. Shunday ekan, nega endi klubdan ketishim kerak? Hali amalga oshiradigan ishlarimiz ko‘p. Barcha yo‘nalishda rivojlanishda davom etamiz.

Biz shunday holatga tushdikki, bir oy-u uch kun ichida sakkizta o‘yinda maydonga tushishimizga to‘g‘ri keldi. Bunaqasi o‘zbek futbolida birinchi marta yuz berdi.SHuncha yildan beri ishlab, bunaqasini eslay olmayman.  Biz Qatarda o‘yin o‘tkazganimiz bois, PFLdan taqvimni bizga biroz yengillashtirishini so‘radik. Men nolimoqchi emasman. Biroq, biz oxirgi oylardagi g‘alaba qozonolmagan o‘yinlarimizning barchasida, ya’ni chempionat o‘yinlarida adolatsiz tarzda ochko yo‘qotdik.

Masalan, Bekoboddagi uchrashuvning 97-daqiqasida o‘z darvozamizdan to‘p o‘tkazib yubordik. O‘sha o‘yinda “Metallurg” ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozonayotgandik, ammo juda ko‘p vaziyatlardan foydalana olmadik. Hakam futbolchimizni haqorat qildi, deya maydondan chetlatdi. Ammo u so‘kinmaganligini aytdi. Jizzaxda ham omadsiz bahs bo‘ldi. Bugun g‘alaba qozonmaganimizda, Jizzaxdagidek hodisa ro‘y berishi mumkin edi.

Asosiy raqobatchimiz bo‘lgan  “Paxtakor”ga qarshi kechgan o‘yinning birinchi bo‘limini boy berdik, ikkinchi 45 daqiqalikda esa raqibdan ustun keldik. O‘sha bahsda durang adolatli natija bo‘lardi.

OKMK bilan o‘tkazilgan bahsning oxirida esa gol urish uchun yetarlicha imkoniyatga ega bo‘ldik.

Xullas, hech qaysi o‘yinda charchoq yoki ruhiy tomondan mag‘lub bo‘lmadik. To‘g‘risi, menga shunday sharoitda ishlash yoqadi. Iroda, strategiya, xarakter ko‘rsatish kerak bunday vaziyatlarda.

Endi esa shunchaki statistika haqida gapirsam. “Paxtakor” ham shu davr mobaynida 8 ta o‘yin o‘tkazib, ularning 3 tasida mag‘lubiyatga uchradi va bitta durang qayd etdi. Jamoamiz esa 8 ta o‘yindan ikkitasida yutqazib, ikkita o‘yinda durang o‘ynadi. Nima demoqchi bo‘layotganimni tushunyapsizlar-a? Biz bu vaqt doirasida faqat chempionatda ochko yo‘qotdik. Asosiy raqobatchimiz “Paxtakor” esa bu davrda Superkubokni boy berdi, Pro Liga jamoasidan mag‘lub bo‘lib, kubok bahslaridan chiqib ketdi.

Bunday tig‘iz grafikda jamoa har qanaqasiga yo‘qotishlarga uchraydi. Ruhiy va jismoniy charchoq baribir o‘z so‘zini aytadi. Kimga dardingni aytasan? Iloji yo‘q. Peshqadam bilan yetti ochkolik farq bor, kurashishda davom etamiz. Biz O‘zbekiston kubogining yarim finalidamiz, OCHL guruh bosqichida o‘ynaymiz. Biz klub, shahar va mamlakat sharafini OCHLda himoya qilamiz. Jamoa obro‘sini xalqaro darajaga olib chiqamiz. Shunday holatda men qanaqasiga “Navbahor”dan ketish haqida o‘ylashim mumkin? Axir bundan faxrlanish kerakku!

Bugungi kunda “Navbahor”ni 2-o‘rin qoniqtirmaydi, chunki ambisiyalarimiz bor. Kurashishda davom etamiz. Chunki tarkibdan yuqori saviyali futbolchilar o‘rin olishgan.

Endi bosim haqida gapirsak. Hatto, terma jamoa futbolchilari ham  o‘zlarini ko‘rsata olishmayapti, sababi, “Navbahor”da o‘ynash juda qiyin. Men bu yerga insonlarni baxtli qilish uchun kelganman. “Navbahor”da iz qoldirmoqchiman, maqsadlarga erishmoqchiman. Bu yerda yangi tarix yaratishni maqsad qilganman. Bu ish sekin-asta amalga oshmoqda. Bu yerda ish boshlamagan paytimda “Navbahor” qanday holatda edi? Klub 10-o‘rinda edi va Superligada “jon saqlab qolish” uchun kurashayotgandi. Hozir esa “Navbahor” mamlakatdagi eng ommabop klub. Klub rahbariyati ham bizni qo‘llab-quvvatlamoqda, jamoa o‘sishi uchun barcha sharoitlarni yaratmoqda. Atrofdagi boshqa personajlar esa muhim emas. Men uchun baxt – bu bizning Qatardagi o‘yinimizni Namangandagi stadionimizga 10 ming odam to‘planib, monitorda tomosha qilgani. Mana shu haqiqiy baxt. Futbol ochko yo‘qotishlarsiz bo‘lmaydi. Kim kam xato qilsa, o‘sha g‘alaba qozonadi. Millionlar o‘yinida hamma narsa yuz berishi mumkin. Men Namanganda natijaga erishish va insonlarni baxtli qilish uchun ishlamoqdaman.

— Standart vaziyatlarda juda ko‘p imkoniyatlar bo‘ldi, ammo jamoa bu vaziyatlarni gol bilan yakunlay olmadi. Balki, standart vaziyatlar ustida ishlash kerakdir?
— “Surxon” bizga qarshi umuman boshqacha o‘yin ko‘rsatmoqda. “Bunyodkor” bilan bo‘lgan bahsda termizliklar hujumlar uyushtirishmoqda va raqib futbolchisi birga bir vaziyatga chiqmoqda. Bizga qarshi esa unday emas.

Har bir jamoa “Navbahor”ga qarshi boshqacha konsentrasiya bilan maydonga chiqadi. Bizda potensial yuqori. Chempionatning oxirgi o‘yinida 12 ta burchak to‘pi, “So‘g‘diyona”ga qarshi kechgan bahsda esa 13 ta burchak to‘pi. Biroq, biz bulardan foydalana olmayapmiz. Juda ko‘p vaziyatlarni ko‘kka sovuryapmiz. Bunga ruhiy bosim ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Bugungi o‘yinda ham birinchi bo‘limdayoq uchrashuv taqdirini hal qilishimiz mumkin edi. Ikiknchi bo‘limda ham ko‘plab hujumlar uyushtirdik. Yaxshiyam, 8 ta o‘yindan iborat davr ortda qoldi. Vaziyatlarni ko‘p yaratyapmiz. Biroq, to‘p darvozaga kirmayapti. Menimcha, keyingi o‘yinlarda to‘p darvozaga kirishni boshlasa kerak.

– Bugungi bahsning 1-bo‘limida “Navbahor” 2 nafar hujumchi bilan harakat qildi. Lekin 2-bo‘limda bir nafar hujumchi bilan o‘ynadi. Bu nima bilan bog‘liq?
–  To‘g‘ri, biz 2-bo‘limda bir nafar hujumchimizni zaxira o‘rindig‘iga oldik. Lekin ikkinchi 45 daqiqalikda vaziyatlar kam bo‘ldimi? Aksincha, ko‘proq bo‘ldi. Biz Superligada deyarli barcha futbolchilari gol urishga qodir bo‘lgan yagona jamoamiz. Hujumkor futbol faqat 2 nafar forvard gol uradi, degani emas. Falsafa bo‘yicha bunga kim qaysi hududni yopishi, hujumlar uyushtirishi, qachon hujumni qo‘llab-quvvatlashi kabilar ham kiradi. Maydonga 2 nafar vingerni tushirib, uchrashuv sxemasini o‘zgartirganimizdan so‘ng, hujumlar va vaziyatlar ko‘paydi. Bu strategiyani almashtirishimiz evaziga yuz berdi. Ikki nafar hujumchi bilan o‘ynash bu albatta xavfli vaziyatlar yuzaga keladi, degani emas. Hujumlarda futbol falsafasi, qandaydir g‘oya bo‘lishi kerak. Doniyor Abdumannopov ko‘plab bahslarda ajoyib o‘yin namoyish etmoqda. Abrorbek Ismoilov ham bugun zaxairadan maydonga tushib, yuqori saviyada o‘yin namoyish etdi.

Bizda eng asosiysi, o‘yinni kuchaytira oladigan futbolchilar bor. Bu esa katta pontensial. Bunga seleksiya ishlarining yaxshi olib borilgani, Namangan viloyati hokimining qo‘llab-quvvatlashi bilan tarkibga yuqori saviyali futbolchilarni jalb etganligimiz sabab bo‘lgan.

Bu anons emas, balki, fakt, ya’ni,  keyingi bahsni Osiyoning eng kuchli jamoasiga qarshi o‘tkazamiz. Bo‘lajak o‘yin jamoamiz uchun jiddiy sinov bo‘ladi. Yuzaga keladigan tanaffus kuchimizni tiklab olish va 18 sentyabrda “Al-Hilol”ga qarshi kechadigan o‘yinga jiddiy tarzda tayyorgarlik ko‘rishimiz uchun yordam beradi, degan umiddaman.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Manba: www.pfcnavbahor.uz
Kiritildi: 06:01, 04.09.2023.
O'qildi: 4840 marta.
Fikrlar: 60 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.