Dunyo futboli turfa-xil va biz uni kuzatishdan zavq olamiz. Bir dono odam aytganidek, har bir boshlanish, nimanidir tushgashidan keyin yuz beradi. O‘zining "oltin avlodi"dan yetarlicha foydalana olmagan Belgiyaning davri o‘tdi. Endi bu jamoa yana eng yaxshi futbolchilarga ega bo‘lish uchun qanchadir muddat kutishi lozim. Biz esa Yevropa chempionati va JCH saralashidagi o‘yinlarga qarab, "oltin avlod"ga ega terma jamoalarni aniqlashga harakat qildik. Quyida shu haqida so‘z boradi.
Angliya
Hozirgi Angliyada tarkibida hamma narsaga qodir futbolchilar yig‘ilib qoldi. Garet Sautgeyt shogirdlarining umumiy o‘rtacha yoshi 26 ga teng. "Uch Shelar" so‘nggi 3 yilda 2 ta fantastik turnirni o‘tkazib, unda munosib ishtirok eta olishdi. Bu Angliyaning tarixdagisiga qaraganda eng katta farqi shuki, hozir bu jamoa eng ko‘p hujumga ixtisoslashgan. Masalan, hujumda APLning yorqin to‘purarlaridan biri bo‘lgan Dominik Solankega joy yo‘qligi ham fikrimizni isbotlaydi. Chap qanotda Reshford, Grilish va Gordon kabi tanlovlar bor. Angliyaning muammosi esa himoya chizig‘ida ko‘zga tashlanishi mumkin. Qolaversa, darvozabon masalasida ham ikkilanishlar mavjud. Shunga qaramay, Sautgeyt futbolchilardan oqilona foydalana olsa, bu jamoa hamma narsaga qodir bo‘ladi.
Fransiya
Himoya borasida qaysi jamoa eng kuchli deysizmi? Bu albatta "Les Bleus"dir. "Liverpul"dan Konate, "Arsenal"dan Saliba, "Bavariya"dan Upamekano hamda "PSJ"dan Luka Ernandeslar jamoaga yordam uchun shay turishibdi. Fransiyaning yarim himoyasi ham juda ko‘rkam: Tchuameni, Kamavinga, Zair-Emri, Grizmann... Ulardan istalgani, berilgan vazifani keragidan ortiq ravishda uddalay oladi. 2000 yildan beri Yevropa chempioni bo‘la olmagan mamlakatning yozdagi birdan bir umidi esa Kilian Mbappedan bo‘ladi.
Portugaliya
Portugaliyada hozirning o‘zida 3 ta yosh toifasi bor. Masalan, Pepe va Ronalduning umumiy yoshi 80 ga teng. Silva, Fernandesh, Nevesh, Palinya va Jotalar bitta davr yigitlari va bitta maktabdan chiqqan. Felish, Leao, Nunes, Kosta, Dalotlar esa yanada yoshroq toifaga kiradi. Bundan tashqari terma jamoaga yosh yigitchalar ham jalb etila boshlandi. Masalan, Antoniu Silva, Joau Nevish, Nuno Mendesh. Roberto Martines oldida bu turfa-xillikdan yaxshi jamoa yasash masalasi turibdi.
Norvegiya
"Oltin avlod" atamasi juda ham nisbiy tushuncha sanaladi. Ba’zida bir-ikki kishining porlashi orqali bu narsa ko‘zga tashlansa, boshqa hollarda hamma birgalikda bu ishni bajaradi. Norvegiyada birinchi holat yuz bermoqda. Martin Edegor va Erling Xolandlar Yevropaning aynan ikki yorqin yulduzlaridir. Agarda Norvegiya shu ikki futbolchi atrofida qurilmasa, jiddiy xavfga ega jamoaga aylana olmaydi. Shuningdek, termada "Manchester Siti"ning 20 yoshli vingeri Oskar Bobb ham bor.
Senegal
2021 yilgi Afrika chempionlarida maydonning har bir qarichini yulduzli desak bo‘ladi. Sadio Mane hali ham shu yerda. Undan tashqari, yarim himoyada Pap Matar Sarr, Kuyate, Idrissa Geye bor. Himoya va darvozada sobiq "Chelsi" vakillari bo‘lgan Kalidu Kulibali va Eduar Mendi harakat qiladi. Markaziy hujumga esa "Chelsi"ning hozirgi forvardi bo‘lgan Nikolas Jeksonni qo‘yamiz. Qarabsizki, yengilmas jamoa paydo bo‘ladi.
ISMATOV J.