Kirish Ro'yxatdan o'tish
20/11 01:00 Boliviya 2-2 Paragvay
20/11 04:00 Kolumbiya 0-1 Ekvador
20/11 05:00 Argentina 1-0 Peru
20/11 05:00 Chili 4-2 Venesuela
20/11 05:45 Braziliya 1-1 Urugvay
21/11 18:00 Paxtakor - OKMK
22/11 16:00 Neftchi - Nasaf
22/11 18:15 Qizilqum - Navbahor

Murabbiylar: Murosasiz Raqobatlar qissasi

Murabbiylar: Murosasiz Raqobatlar qissasi

Baho:
+ | -

«Hayotimdagi eng yaxshi raqib» - «Liverpul» - «Manchester Siti» uchrashuvi arafasida Xosep Gvardiola Yurgen Kloppga aynan shunday baho bergandi.

Germaniyalik murabbiyning «Enfild»dagi 9 yillik sermazmun faoliyatidan keyin musobaqaga o‘zgacha shukuh bag‘ishlagan betakror qarama-qarshilik APL durdonalari ro‘yxatidan joy oladi. Biz esa e’tiboringizga avvalgi unutilmas tortishuvlarni havola etamiz.

Xosep Gvardiola va Joze Mourinyo

Bir paytlar «Barselona»da hamkorlik qilgan mutaxassislar murabbiy maqomida prinsipial raqiblarga aylanishdi. Ilk bor ular «Inter» va «Barsa»ning YECHLdagi tarixiy yarim final bahsida o‘zaro kuch sinashgan edilar. Yanada murosasiz qarama-qarshilik Mou «Real» bosh murabbiyi bo‘lganida ro‘y berdi. 2011 yildagi «Klasiko»da hissiyotga berilgan portugaliyalik murabbiy Gvardiola yordamchisining ko‘ziga zarba bergandi.

2016 yilda Xosep «Manchester Siti»ga, Joze esa «MYU»ga kelgach, raqobatning alanga olishi kutilgandi. Biroq Manchester derbisi keskinlikni yo‘qotmagan bo‘lsada, qizg‘inlik kuchayib ketmadi. O‘zaro bahsda «MYU» g‘oliblikka intilayotgan «Siti»ni «Ittihod»da 3:2 hisobida yengib, chempionlikdan mahrum etgan bo‘lsada, bu o‘ta kamyob g‘alaba edi.

Joze Mourinyo va Antonio Konte

Fe’l-atvori va taktik uslubi bir-biriga yaqin bo‘lgan mutaxassislar o‘rtasidagi ziddiyat 2016 yilda, Kontening «Chelsi»si Mouning «MYU»sini 4:0 hisobida mahv etganidan keyin boshlandi. Alamzada portugaliyalik raqibini g‘alabani nishonlash chog‘ida mankunianlarni kamsitganlikda aybladi. Keyin Konte 2017 yilda APLda g‘olib chiqqach, uning jamoasi «Mourinyo mavsumi»ni o‘tkazishini  istamasligini bayon etish bilan portugaliyalikning 2015 yildagi omadsizligiga shama qildi. Bunga chidamagan Mou Konte tufayli sochlaridan judo bo‘lishni istamasligini aytdi. Ya’ni, Antonio soch o‘stirish muolajasini olganligini oshkor etdi. Qo‘shimchasiga, Konteni Italiyadagi kelishilgan o‘yinlarga aloqadorlikda aybladi va evaziga «mitti odamcha» laqabini oldi.

Rafael Benites va Aleks Fergyuson

Bu ikki mutaxassis kamdan-kam hollarda hamfikr bo‘lishardi. Bir-birini yoqtirmaslik 2008/2009 yilllar mavsumida, «Liverpul» chempionlik uchun «MYU» bilan jiddiy raqobatlashganda yuzaga chiqdi. O‘shanda Rafaning Fergyuson hakamlar bilan juda ko‘p tortishishi va ularning qarorlariga ta’sir etishga urinishi haqidagi bayonoti unutilmas matbuot anjumaniga sabab bo‘lgandi. Yakunda «MYU» chempionlik poygasida g‘olib chiqdi.

Joze Mourinyo va Rafael Benites

Taniqli murabbiylarning dahanaki jangiga «Liverpul» va «Chelsi»ning YECHL yarim finali sabab bo‘ldi. O‘shanda Mou yon chiziq hakamining qaroriga qo‘shilmagan va «ko‘klar»ning mag‘lubiyatini tan olmagandi. Keyinchalik APL va YECHLda qarama-qarshilik shaxsiy ziddiyatga aylandi. «Agar bu xonim ko‘proq erining parhezi xususida o‘ylaganida, men haqda vaysashga vaqti bo‘lmasdi» degandi Mou u haqda gapirgan Rafaning xotini xususida.

Joze Mourinyo va Arsen Venger

Venger «Arsenal»ni 2004 yildagi mag‘lubiyatsiz mavsumda shohsupaga olib chiqqandi. Biroq tez orada uning sovriniga o‘z maqsadi yo‘lida hech narsadan qaytmaydigan da’vogar paydo bo‘ldi. Eshli Koul «to‘pchilar»dan voz kechib, «Chelsi»ga o‘tganida, Venger «ko‘klar»ni har qanday futbolchini o‘ziga og‘dirib olish odatini tanqid qildi. Mou esa «Chelsi»dagi ikkinchi davrida ham Vengerga «tosh» otishni to‘xtatmadi. 

Yurgen Klopp va Xosep Gvardiola

Mavsum yakunida Klopp «Liverpul»ni tark etishini eshitgan Gvardiola tez orada xotirjam uxlaydigan kunlar kelishini aytgandi. Chunki u o‘zining eski raqibiga qarshi o‘yin arafasida uxlay olmas ekan. Statistika buni tasdiqlaydi: o‘zaro qarama-qarshiliklarda Yurgen Xosepni yenggan yagona g‘olib - 12ga 11. Lekin sovrinlar bobida ustunlik Gvardiola tomonida - 16ga 8. Uning «Siti»si ikki marta sovrinni «Liverpul»ni sovrinsiz qoldirgan. Joriy mavsumdagi qarama-qarshilik o‘ta qizg‘in ketayotgandi. Biroq «Arsenal» poygani 3 nafar suvoriy ishtirokida bo‘lishini ta’minladi. Lekin so‘nggi turlardagi omadsizlik «qizillar» imkoniyatini pasaytirib yubordi. Agar APL g‘olibligi aynan Klopp va Gvardiola jamoalari o‘rtasida o‘tganida, ajoyib ish bo‘lardi.

Aleks Fergyuson va Arsen Venger

Gvardiola va Kloppning shogirdlari yanada sermazmun o‘yinlar ko‘rsatish va ko‘proq ochkolar jamg‘arishga qodirlar. Lekin o‘zaro keskinlik va bir-birini xush ko‘rmaslik bobida bu juftlikka tenglasha olmaydi. Shotlandiyalik afsona fransiyalik kasbdoshini 1966 yilda Angliyaga kelganidayoq yomon ko‘rib qolgandi. Chunki o‘zining yangi g‘oyalari bilan ko‘pchilik hurmatini qozongandi. 1998 yilda «Arsenal» chempion bo‘lib, «MYU»ni taxtdan ag‘darganida, ser Aleksning nafrati kuchayib ketdi. Keyingi mavsumda mankunianlar treblga erishish va bilan «to‘pchilar»ni Angliya Kubogining takroriy yarim finalida musobaqadan chiqarib yuborish orqali o‘ch oldilar. Bunga javoban londonliklar 2002 yilda aynan «Old Trafford»dagi g‘alaba evaziga shohsupani zabt etishdi. Fergyuson bilan Venger o‘rtasidagi raqobat 2004 yilda, «qizil iblislar» shubhali g‘alaba evaziga «Arsenal»ning 49 o‘yinli mag‘lubiyatsiz seriyasiga nuqta qo‘yishlari bilan nihoyasiga yetdi.

Xo‘ja Abdulahad tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 07:07, 25.05.2024.
O'qildi: 1288 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.