Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/12 01:30 Vilyarreal - Rayo Valyekano
19/12 01:30 Espanyol - Valensiya

Anvar Hojimirzayev: "Hammasi harakatdan, albatta!"

Anvar Hojimirzayev: "Hammasi harakatdan, albatta!"

Baho:
+ | -

Samarqand «Dinamo»si safida yorqin va sermahsul o‘yin ko‘rsatish asnosida muxlislar nazdida milliy jamoamizga nomzod futbolchi ekanligini isbotlayotgan kosonsoylik hujumkor yarim himoyachi Anvar Hojimirzayev ko‘p ham intervyu bermaydi.

O‘zi mavsum kashfiyotlaridan biri bilan ancha oldin bafurja suhbatlashishni rejalashtirgandik. Biroq Superligadagi ketma-ket o‘yinlar bunga imkon bergani yo‘q. Mana, nihoyat, FIFA kunlari munosabati bilan chempionatimizda yuzaga kelgan kichik tanaffusdan foydalanib, maqsadga erishdik. Qolaversa, Hojimirzayev yaqinda PFL talqinidagi Superliga-2024 ramziy terma jamoasidan joy oldi. Shuni alohida aytish kerak, futbolchi suhbatga kirishishdan oldin kelgusi rejalari haqida so‘ramay turishimizni iltimos qildi. U shuningdek, milliy jamoaga daxldor ayrim savollarimizga javob berishni istamadi.

Ma’lumot uchun: Anvar HOJIMIRZAYEV :
Tug‘ilgan sanasi va manzili: 
1994 yil 21 oktyabr, Namangan viloyati Kosonsoy tumani… 
Bo‘yi: 
178 santimetr,
Amplua bo‘yicha: 
hujumkor yarim himoyachi

«Kosonsoy» futbol maktabi tarbiyalanuvchisi. Faoliyatini ham aynan “Kosonsoy” jamoasida 2015/2016 yillar (1-liga)daboshlagan.  2020 yili aynan shu jamoada faoliyat yuritgan. Mavsumning ikkinchi qismida esa «Neftchi» bilan shartnoma tuzgan. Farg‘ona jamoasidagi yarim yillik faoliyatidan so‘ng 2021 yili «Qo‘qon-1912» safiga qo‘shilgan. Qo‘qonliklar tarkibida Pro liga-2023 bosh to‘purari (16ta gol)ga aylangan futbolchi joriy yil yanvarda Samarqand «Dinamo»siga o‘tdi (2 yillik shartnoma asosida). Hujumkor yarim himoyachi noyabr oyidagi FIFA kunlariga qadar elitaning 24ta o‘yinida maydonga tushib, 10ta gol urdi va 1ta assist qayd etdi. Transfermarkt portali tal­qiniga ko‘ra, Hojimirzayevning ayni bozor bahosi 350 ming yevroni tashkil qilmoqda.

- Savol-javoblarni boshlashdan oldin nima uchun OAV bilan muloqotdan o‘zingizni olib qochayotganingiz sababini bilsak bo‘ladimi?

- Nima desam ekan...? O‘zi tabiatan kamgap, biroz tortinchoq yigitman. Intervyu berishni uncha xushlamayman. O‘z ishini so‘zda emas, maydonda ko‘rsatishni ma’qul ko‘radiganlar toifasiga kirsam kerak... Oldingi o‘zaro suhbatimizda aytganingizdek, bundan 2-3 yilcha oldin ham meni ko‘pchilik tanimasdi. Hozir esa   OAV hamda futbol jamoatchiligi  tomonidan iliq fikrlar eshityapman. Albatta, bunday e’tibor va e’tirof yoqimli, xursand bo‘lmaslikning iloji yo‘q. Lekin o‘zim endigina katta futbolga qadam qo‘yayotgan yoshlarga kuchliroq e’tibor qaratilishini istardim. Bu ham ularga o‘ziga xos motivasiya bo‘lib xizmat qiladi, menimcha.

- Anvar Hojimirzayev fao­liyatida tub burilish nuqtasiga aylangan so‘nggi 2 yilda nimalar sodir bo‘ldi? O‘zingizni o‘zingiz kashf qildingizmi yoki bunda sobiq jamoangiz «Qo‘qon-1912»ning roli katta?

- Ha, shubhasiz ortda qolgan oxirgi yillarda faoliyatim va hayotimda ko‘p narsalar o‘zgarib ketdi. Allohga shukr, qisqa vaqtda yaxshigina o‘sishga erishdim. Har holda, e’tiborga tushib, ozmi-ko‘p muxlis orttirdim, jamoada o‘z o‘rnimni topdim. To‘g‘risi, o‘zimni o‘zim kashf qilganimni aytsam, nokamtarlik bo‘ladi. Avvalo, hammasi Allohdan. Shuningdek, ota-onamning duolari, «Qo‘qon-1912» va «Dinamo»dagi jamoadoshlarim hamda murabbiylar ko‘magi bilan shu darajaga yetdim. Albatta, menga befarq qaramagan, imkoniyat taqdim etgan va qo‘llab-quvvatlaganlardan bag‘oyat minnatdorman.

- Faoliyatingizning eng og‘ir damlarini qanday eslaysiz? Deylik, bundan 2 yilcha oldin nimalar haqida o‘ylagandingiz?

- Ko‘pchilik biladi, asosan «Qo‘qon-1912» hamda «Dinamo»dagi o‘yinlarim bilan nazarga tushdim. Lekin undan oldin, umuman, futbolga kirib kelganimdan buyon shu kunlar orzusida qanday shug‘ullanganim o‘zimga ayon. Demoqchimanki, barchasiga tirish­qoqlik va mehnat orqali erishish mumkinligini o‘z tajribamda ham ko‘rdim. Yoshlarga maslahat berishim nojoiz bo‘lsada, aytaman - yo‘lingizdagi qiyinchiliklar oldida aslo bosh egmang, maqsad sari dalil qadam bosing. Shunda Yaratganning o‘zi qo‘llaydi.

- Kamtarona faoliyat yuritgan holda, birdaniga top-darajaga ko‘tarilishning qandaydir siri bormi?

- Qanday sir bo‘lishi mumkin? Hammasi harakatga bog‘liq. Inson hayotda O‘zidan astoydil so‘rasa va shunga yarasha harakat qilsa, ertami-kech nasibasini oladi hech kutmagan paytda.  

- Mavsum avvalida sizga Superliganing ayrim jamoalaridan chaqiruv bo‘lganini eshitgandik. «Dinamo» varianti nimasi bilan qiziqtirdi?

  - Jamoa bilan o‘tgan yili mavsum tugamasidan muzokara jarayoni boshlangan edi. Yangi yildan keyin bosh murabbiy Vadim Karlenovich bilan alohida uchrashib, barchasi haqida kelishib oldik. Oddiy aytganda, istiqbolimni aynan «Dinamo»da ko‘rdim. Chunki jamoa­da barchasi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilayotgani sezilib turgandi.

- «Navbahor»dagi faoliyatingiz klubdagi inqilob davriga to‘g‘ri kelganidanmi, ishlaringiz uncha yurishmagandi. Agar ortga qaytish imkoniyati tug‘ilsa, o‘ylab ko‘rarmidingiz?

- Oldindan aniq gap aytish qiyin. Hozirda dovonning ikkinchi tarafida o‘ynash yoqyapti. Bordiyu, «Navbahor» aniq taklif bilan chiqsa, o‘ylab ko‘rishim ham mumkin. 

- Sizni ko‘pchilik qatori terma jamoada o‘ynashga munosib futbolchi sifatida ko‘rsatayotgan Vadim Abramov bilan shu masalada gaplashib turasizmi? Ehtimol, Vadim Karlenovich «barcha uchun ochiq eshik»ni qanday taqqillatish kerakligini o‘rgatayotgandir?

- Ha, o‘rtamizda bu masalada suhbat bo‘ldi. Vadim Abramov futbolchiga ko‘p narsa bera oladigan kuchli mutaxassis, albatta. Ammo milliy jamoa masalasida chuqurlashish mavridi emas hozir. Bilaman, chorlov olish-olmaslik avvalo, o‘zimga bog‘liq. Srechko Katanes hozirgacha chaqirmadimi, demak, yanada qo‘shishim kerak. O‘ylaymanki, barqarorlikni saqlab qolgan holda, ba’zi jihatlarni yanada yaxshilasam, ertami-kech menga ham imkoniyat taqdim etiladi, baribir. Maqsad ham shu - milliy jamoadan chaqiruv olish va xalqaro maydonda Vatan sharafini himoya qilish.

X.YUSUPOV suhbatlashdi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 16:00, 18.12.2024.
O'qildi: 387 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.