Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli 1-2 Jenoa
28/12 19:00 Parma 2-1 Monsa
28/12 22:00 Kalyari 0-3 Inter
29/12 00:45 Lasio 1-1 Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul
30/12 00:45 Milan - Roma
30/12 22:30 Komo - Lechche

Vallon Behrami: «Shveysariya termasi salohiyati ancha baland»

Vallon Behrami: «Shveysariya termasi salohiyati ancha baland»

Baho:
+ | -

Shveysariya milliy jamoasi tarixidagi qoyilmaqom ijrochilardan biri Valon Behrami yodingizdami?

Texnik salohiyati yuqori sobiq yarim himoyachi «soatsozlar» tarkibida naq 83ta o‘yin o‘tkazgan va 2006-2018 yillar oralig‘ida qatorasiga 4ta JCHda ishtirok etgan. Shveysariya futbolida boshqa hech kim bunday natija bilan maqtanolmaydi. Behrami faoliyati davomida noodatiy jo‘shqin g‘ayrati, maydonda tinim bilmasligi va yuqori futbol intellekti bilan alohida ajralib turardi. Xullas, Valon yaqin o‘tmishda barchani birdek hayrat ko‘chasiga yetaklagan eng ishonchli futbolchilardan biri hisoblanadi. FIFA rasmiy sayti yaqinda Behramini maxsus suhbatga chorladi va u Shveysariya milliy jamoasida kuzatilayotgan avlodlar almashinuvi jarayoni yuzasidan mulohaza yuritdi. Valon shuning barobarida o‘zi qatnashgan mundiallar xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.

- Shveysariya milliy jamoasi Yevropa Millatlar ligasi-2024|2025 guruh bos­qichida loaqal 1ta g‘alaba qayd etolmadi. Bunday salbiy natija chindan ham, jamoada avlodlar almashinuvi boshlanganiga bog‘liqmi yoki...? 

- Hozirgi taassurot shunday. Agar Yevro-2024da qayd etilgan ajoyib natijalar va zamonaviy o‘yin uslubini nazarda tutsak, jamoada transformasiya jarayoni to‘g‘ri ketayotgandek, nazarimda. 

- Shveysariya futbolida iqtidorli va tajribali futbolchilar ko‘pligi milliy jamoa kelajagiga ishonch bilan qarashga undamoqda.

- Ha. Yurtimizda har doim yuqori saviyada o‘ynashga tayyor, jismonan baquvvat va yetakchilikni qo‘lga olish salohiyatiga ega chidamli futbolchilar yetarlicha topilgan. Bugungi asosiy masala - Yevro-2024dan so‘ng terma jamoa bilan xayrlashgan Fabian Sher, Yan Zommer va Jerdan Shakiri kabi yetuk ijrochilar o‘rniga tezroq munosib izdoshlar topish. 

- Sizningcha, Shveysariya milliy jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatiga chiqa oladimi? Saralash dovoni muvaffaqiyatli bosib o‘tilishiga nechog‘li ishonyapsiz? 

- Shaxsan menda bunga zarracha shubha yo‘q. Ishonchim komil, Shveysariya termasi bo‘lajak mundialga ham boradi. Yaqin tarixga qarasak, jamoamiz hamisha aynan katta turnirlar yaqinlashgan payt shiddatni oshirish asnosida maqsadga erishgan. O‘ylaymanki, bu safar ham shunday bo‘ladi. Chunki terma jamoa o‘zagi bor, menimcha, Yevro-2024da biz ko‘rgan tarkib ba’zi yigitlar bilan kuchaytiriladi. Asosiysi, terma jamoa yetakchilari katta o‘yinlarda o‘zlarini ko‘rsatishga moyillar va bemalol aytamanki, ular yo‘llanma qo‘lga kiritilishida muhim rol bajarishadi. To‘g‘ri, hozir taktik jihatdan rotasiyaga ko‘p qo‘l urilmoqda, lekin saralash o‘yin­lari boshlangach, murabbiylar shtabi yondashuvi ham sezilarli darajada o‘zgarsa kerak.

- Ortga nazar solsak, Shveysariya milliy jamoasi Turkiya termasi darvozasiga urgan ajib golingiz ortidan Germaniya-2006 mundialiga yo‘l olgandi. O‘sha o‘yinni qanday eslaysiz? Har holda, bu eng yorqin xotiralaringizdan biri sanalsa kerak... 

- Fikringizni tasdiqlamasam, ajablanmaysizmi? Bilasizmi, o‘zim uchun dastlabki ikki jahon chempionati payti hali yetarli tajribaga ega emasdim. Hozir o‘sha o‘yin­larda qanday harakatlanganimni ko‘z oldimga keltirsam, qo‘rqib ketaman (kuladi). Axir faoliyatimdagi birinchi mundialda yoshgina yigitcha edim. Boz ustiga, jarohat tufayli dastlabki 2ta o‘yinni o‘tkazib yuborganman. Faqat guruh bosqichi doirasida Janubiy Koreya termasiga qarshi kechgan oxirgi uchrashuvda bir necha daqiqa harakatlanganman, xolos. Janubiy Afrika mezbonlik qilgan 2010 yilgi musobaqada esa chililiklar bilan bahsda kutilmaganda qizil kartochka olgandim. Buning oqibatida deyarli butun turnirni tomoshabin sifatida o‘tkazganman. Xullas, o‘zim uchun terma jamoadagi eng yorqin xotiralar Braziliya va Rossiyada tashkillashtirilgan mundiallarda kuzatilgan.

- Xo‘sh, o‘zingiz uchun keyingi ikki mundialda aslida nimalarga qodirligingizni nechog‘li ko‘rsata olgansiz?

- O‘sha vaqt yarim himoyada Granit Jaka, Remo Froyler va Blerim Jemayli bilan bir-birimizni juda yaxshi tushungan holda o‘ynardik. Binobarin, ular pozision jihatdan aqlli futbolchilar guruhiga kirishardi. To‘g‘ri, faoliyating yakuniy qismida yosh futbolchilar tezligidan biroz aziyat chekishing tayin, shunga qaramay, bunday o‘ziga xos tajribadan bahra olish g‘oyat yoqimli, baribir. Ehtimol, ertangi Shveysariya milliy jamoasi avvalgisiga nisbatan sifatliroq o‘ynar, natija bobida ham bizning avloddan o‘zib ketar. Agar shunday bo‘lsa, faqat quvonardim. Zero, Shveysariya termasining eng ashaddiy muxlislaridanman.

- Endi bevosita jahon chempionatiga bog‘liq eng yaxshi xotiralaringiz bilan ham o‘rtoqlashsangiz... 

- JCH-2014dan o‘rin olgan Ekvador termasiga qarshi o‘yinda deyarli 90 daqiqa davomida jarima maydonimiz atrofida raqibning xavfli hujumlarini bartaraf etishdan bo‘shamagan edik. Final hushtagi yangrashiga oz muddat qolgan bir pallada raqibdan to‘pni tortib oldim va darhol hujumga otlandim. Yo‘l-yo‘lakay menga nisbatan qo‘pollik ishlatishdi, lekin to‘xtashni istamadim, o‘rnimdan turib, hujumni davom ettirdim, keyin... Xullas, Xaris Seferovichning unutilmas goli yuzaga keldi. Bu - eng yaxshi lahzalar. Chunki o‘sha yurish yakunida ichki istaklarim va mehnatim samarasi ko‘ringandi.

- Katta maydonlarda Shveysariya futboli vakili bo‘lish qanday tuyg‘u baxsh etadi? 

- Yaxshi tomoni, bizda deylik, Germaniya yoki Fransiya kabi mamlakatlardagidek kuchli bosim yo‘q. Har holda, ko‘pchilik jamoamizni haligacha kichik raqibdek ko‘radi, bizga jiddiy qaramaydi. Xuddiki, «Bu eski Shveysariya» qabilida yondashuv bordek. Vaholanki, tarkibimizda binoyidek salohiyatga ega iqtidorlar to‘planishgan. E’tibor bersangiz, oxirgi Yevropa chempionatida termamiz safida «A» seriyada g‘olib chiqqan darvozabon Yan Zommer, APL chempioni - himoyachi Manuel Akanji, joriy CHLga yo‘llanma olgan «Bolonya»ning 3 nafar vakili - Remo Froyler, Den Ndoye va Mishel Ebisher, «Bayer» bilan Bundesligada zafar quchgan Granit Jaka kabi yetuk futbolchilar o‘ynashdi. Har biri ajoyib futbolchi, muhimi, jamoa mentaliteti haligacha o‘zgarishsiz qolmoqda - hech qanday bosimsiz erkin o‘ynash. Menimcha, Shveysariya terma jamoasi salohiyati ancha baland va natijalar ham tobora yaxshilanishiga umid bor.

 XURSHIDBEK tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:44, 28.12.2024.
O'qildi: 292 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.