«Bavariya» sport direktori Maks Eberl jamoa vingeri Luis Diasning o‘yini haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Funksionerning ta’kidlashicha, dastlabki vaqtlarda «Bavariya» Diasning transferi uchun ko‘p tanqid qilingan, biroq klubdagilar tanlov to‘g‘ri ekanligiga ishonishgan.
«Biz u bizning o‘yin uslubimizga juda mos tushishini his qilgandik. Bu juda muvaffaqiyatli transfer. Ehtimol, endi kimdir ortga nazar tashlab: "Mayli, balki hammasi unchalik yomon bo‘lmagandir", deb aytar», — deya Eberlning so‘zlarini keltirmoqda «Bayern & Germany».
«Bavariya» o‘tgan yozda Diasni «Liverpul»dan 70 million yevro evaziga sotib olgan edi. Joriy mavsumda 29 yoshli kolumbiyalik futbolchi barcha musobaqalarda 31 ta o‘yinda maydonga tushib, 19 ta gol urdi va 14 ta golli uzatmani amalga oshirdi.













