Kirish Ro'yxatdan o'tish
06/04 00:00 Alaves 2-2 Osasuna
06/04 15:30 Udineze 0-0 Komo
06/04 18:00 Lechche 0-3 Atalanta
06/04 21:00 Yuventus 2-0 Jenoa
06/04 23:45 Napoli 1-0 Milan
07/04 00:00 Jirona 1-0 Vilyarreal
07/04 17:00 Lokomotiv - Xorazm
07/04 18:00 Mash’al - Bunyodkor
07/04 19:15 Andijon - Navbahor
08/04 18:00 Qo‘qon-1912 - Nasaf
08/04 19:00 OKMK - Surxon
08/04 20:15 Dinamo - So‘g‘diyona

Yusuf Fofana: «Milan»da yangi bosqichga ko‘tarilayotganim aniq»

Yusuf Fofana: «Milan»da yangi bosqichga ko‘tarilayotganim aniq»

Baho:
+ | -

Qariyb 2 yildan buyon «Milan» sharafini himoya qilayotgan fransiyalik hujumkor yarim himoyachi Yusuf Fofana joriy mavsum yangi chaqiruv va o‘zgarishlar og‘ushida qolmoqda. Deylik, maydon markazida ishonchli harakatlanishi bilan tanilgan futbolchi endilikda hujumga yaqindan yordamlashmoqda. Yusuf L'Equipe  nashriga bergan intervyusida turli mavzularga to‘xtaldi: yangi pozisiyaga moslashuvi, JCH-2026ga qaratilgan umidlari va hokazo…

– Joriy mavsum markaziy yarim himoyada emas, balki oldinroq, ya’ni hujum ortida to‘p suryapsiz. Yangi pozisiya­ga ko‘nikish qiyin kechmadimi?

– Albatta, ma’lum darajada qiyinchilik bor, lekin bu nuqtada oldin ham tez-tez o‘ynaganimdanmi, ko‘nikish nisbatan oson kechdi. Chetdan qaraganda, hozirgi vazifam biroz oddiyroqdek tuyulishi mumkin, ammo zimmamga katta mas’uliyat yuklangan. Negaki, ilgari asosan maydon markazini nazorat qilib, himoyachilarga yaqindan yordam bergan bo‘lsam, hozir nafaqat raqibdan to‘pni olib qo‘yishim, balki hujum tashkil qilishda faol ishtirok etishim kerak. Yana oldingi chiziqda to‘g‘ri pozisiya tanlash talab etiladi. Asosiysi, Italiya va jahonning eng buyuk klublaridan birida yangi bosqichga ko‘tarilayotganim aniq va bundan bag‘oyat xursandman. Zotan, «Milan»ga jamoaviy futbolchi sifatida kelganman va murabbiy mendan nimani talab qilsa, shuni bajaraman. Bu – o‘zim tanlagan yo‘l. Shunday ekan, nolishga asos yo‘q, qandaydir e’tirof yoki maqtov ham ortiqcha.

– Yangi nuqtada to‘p surish ta’sirida o‘yinga nisbatan qarashlaringiz ham o‘zgargandir…

– Xuddi shunday. Uzoq yillar davomida futbolga bir xil nuqtai nazar bilan yondashgan bo‘lsam, hozir taassurotlarim butunlay boshqacha. Aniqrog‘i, endilikda maydondagi umumiy manzaraga mutlaqo boshqacha rakursdan baho beryapman. Markaziy yarim himoyachi sifatida to‘p surganimda, ortimda ikki himoyachi borligini bilib turardim va qaramasdan ham, ularga to‘p uzatishim mumkin edi. Endi esa hatto to‘psiz holatda deyarli hujumchilar kabi harakatlanaman va kreativ qarorlar chiqarishga intilaman. Qi-zig‘i, avvallari hujumda to‘g‘ri joy tanlagan sheriklarimni topib, ularni to‘p bilan ta’minlardim, ayni payt o‘zim shu nuqtalarda o‘ynayapman.

– Shaxsiy fikringizni bilish qiziq: yangi pozisiyada mavsumni nechog‘li muvaffaqiyatli o‘tkazyapsiz?

– Ochig‘i, hali to‘liq qoniqish hosil qilmadim. Chunki hujum vakillari harakatlari ko‘pincha statistika orqali baholanadi. Agar joriy mavsum kamida 1ta gol urib, 4tadan ko‘p assist qayd etganimda, bemalol bu ampluada ishonchli o‘yin ko‘rsatayotganimni aytardim. Boz ustiga, yaqinlashib kelayotgan jahon chempionatida terma jamoa murabbiylari mendan qaysi nuqtada foydalanishlarini hozircha bilmayman.

– Endigina katta futbolga qadam qo‘ygan davrga taqqoslasak, millionlar o‘yi­niga yondashuvingiz va fikrlash doirangiz qanchalik o‘zgardi?

– Albatta, bu borada ham sezilarli o‘zgarish yo‘q emas. Tan olaman, oldin ko‘proq omadga suyanardim, endi muvaffaqiyatga erishish o‘z qo‘limda ekanligini teran tushunib yetdim. Deylik, murabbiylar ko‘rsatmalarini yanada diqqat bilan tinglayman, o‘yinlarimni keng tahlil qilaman. Eng asosiysi, o‘zimga nisbatan talabchanlikni keskin oshirdim. Men uchun gap emas, amal muhimroq. Axir bizda katta imkoniyat bor va undan maksimal darajada foydalanishimiz shart. Keyinchalik xato qilishdan cho‘chib, harakat qilmaganingizdan afsuslanishning foydasi yo‘q.

– Joriy yilgi mundialga boradigan Fransiya termasi tarkibidan joy olishingizga ishonasizmi?

– Albatta. JCHga borishni kim xohlamaydi? Lekin buning uchun avvalo, «viza» olish kerak. Fransiya termasida mening pozisiyamda to‘p suradigan kuchli futbolchilar ko‘p. Agar «Milan»da o‘zimni ko‘rsatib, jamoa muvaffaqiyatiga ma’lum darajada hissa qo‘shsam, mavsumni hozirgidan yuqoriroq notada yakunlasam, imkoniyat bo‘ladi, albatta. Qisqasi, barchasi o‘zimga bog‘liqligiga ishonaman.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: Интерфутбол газетаси
Kiritildi: 09:44, 07.04.2026.
O'qildi: 160 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик