“An-Nassr” hujumchisi Krishtianu Ronaldu Osiyo Chempionlar ligasi 2 musobaqasi chorak finalidan o‘rin olgan “Al-Vasl”ga qarshi bahsda raqib muxlislarining provokasiyasiga javob qaytardi. Uchrashuv Ar-Riyod klubining 4:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi, portugaliyalik futbolchi esa 11-daqiqada jamoasining birinchi golini kiritdi.
O‘yin davomida mezbon muxlislar Ronalduning diqqatini chalg‘itish maqsadida uning raqobatchisi Lionel Messining familiyasini aytib hayqirishdi. Bunga javoban Krishtianu ko‘rsatkich barmog‘ini labiga qo‘yib, tribuna egalarini sukunat saqlashga chorladi.
Ronaldu Saudiya Arabistonidagi faoliyati davomida bunday holatlarga bir necha bor duch kelgan: Jumladan, 2024-yilning fevral oyida hujumchi muxlislarning hayqiriqlariga nomaqbul ishora bilan javob qaytargani uchun diskvalifikasiya qilingan edi. Shu yilning kuzida esa navbatdagi provokasiyaga u maydonda murakkab texnik harakat (fint) ijro etish orqali munosabat bildirgan.
Ma’lumot uchun, Ronaldu va Messi o‘rtasidagi raqobat uzoq yillardan buyon futbol olamidagi asosiy muhokama mavzusi bo‘lib kelmoqda. Bugungi kunga kelib, har ikki futbolchi ham 900 talik golli dovondan o‘tishga muvaffaq bo‘ldi: Krishtianu Ronaldu hisobida 969 ta gol va 307 ta golli uzatma mavjud bo‘lsa, Lionel Messi 911 ta gol hamda 447 ta assist amalga oshirgan. 2026-yilning iyun-iyul oylarida Shimoliy Amerikada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati ushbu ikki yulduz uchun oxirgi mundial bo‘lishi kutilmoqda













