«Roma» himoyachisi Zeki Chelik Italiya A Seriyasining 34-turi doirasida «Bolonya»ga (2:0) qarshi kechgan safar o‘yinida olgan jarohatidan so‘ng tibbiy ko‘rikdan o‘tdi. Bu haqda jurnalist Filippo Byafore xabar bermoqda.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 29 yoshli turkiyalik futbolchida mushak jarohati aniqlanmagan. Eslatib o‘tamiz, Chelik son sohasidagi muammo tufayli ikkinchi bo‘limda maydonni tark etishga majbur bo‘lgan edi.
Kutilishicha, himoyachi 3 may kuni bo‘lib o‘tadigan «Fiorentina»ga qarshi muhim bahsda jamoasiga yordam bera oladi. «Roma» futbolchilari ikki kunlik hordiqdan so‘ng, bugun — 28 aprel kuni mashg‘ulotlarga qaytishadi.
Ma’lumot uchun, Zeki Chelik 2022 yildan buyon Rim klubi sharafini himoya qilib kelmoqda. Joriy mavsumda u barcha musobaqalarda 41 ta o‘yinda ishtirok etib, o‘z hisobiga bitta gol va to‘rtta golli uzatmani yozdirib qo‘ydi. Ayni damda «Roma» 61 ochko bilan turnir jadvalida 6-o‘rinni egallab turibdi.













