«Bavariya» futbolchisi Yozua Kimmix allaqachon Chempionlar ligasi kubogi uchun yangi yurish haqida o‘ylamoqda. Chorshanba kuni Vensan Kompani jamoasi yarim finalda «PSJ»ga yo‘l berib (Myunxenda 1:1, ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 5:6), musobaqadagi ishtirokini yakunlagan edi.
«Hammamiz murabbiyimizga, barcha xodimlarga va o‘zimizga ishonamiz. Kiyinish xonasidagi har bir inson Chempionlar ligasida g‘olib chiqish qo‘limizdan kelishiga ishonadi. O‘tgan mavsumda ham «Inter»dan mag‘lub bo‘lib chiqib ketganimizda yomon o‘ynamagandik. Bu gal esa maqsadga yanada yaqinroq kelgandik, juda kuchli «PSJ» bilan tengma-teng kurashdik. Keyingi mavsumda yana harakat qilib ko‘ramiz», — deya Kimmixning so‘zlarini keltirmoqda Bayern & Germany.
Eslatib o‘tamiz, ushbu mavsumda eng nufuzli yevrokubok bosh sovrini uchun «PSJ» va «Arsenal» jamoalari bahs olib borishadi. Final 30 may kuni bo‘lib o‘tadi.













