Vinisius Junior hamda «Real Madrid» o‘rtasida shartnomani uzaytirish bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Onda Cero xabariga ko‘ra, futbolchining atrofidagilar madridliklar bilan muloqotni vaqtincha to‘xtatgan.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, «Real Madrid» futbolchining barcha talablarini bajarish niyatida emas. Avvalroq Vinisius Junior klubdan maoshini oshirishni talab qilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Biroq klub pozisiyasi qat’iyligicha qolmoqda: rahbariyat alohida futbolchilarga yon bosishni istamayapti va hech kimni jamoada majburlab yoki pul bilan ushlab qolish niyatida emas.
Shuningdek, «Real Madrid» rahbariyati Vinisius Junior tomonidan tarqalayotgan ma’lumotlar sizib chiqishidan hayratda ekani aytilmoqda. Bu holat klub prezidenti Florentino Peresning noroziligiga sabab bo‘lgan.













