Yevropa Ligasi yarim finalining javob o‘yinida Birmingemning «Aston Villa» jamoasi «Nottingem Forest» ustidan 4:0 hisobida yirik g‘alabaga erishdi. «Sherlar» ikki o‘yin natijasiga ko‘ra (4:1) raqibdan ustun kelishdi va turnir finaliga yo‘l olishdi.
«Aston Villa» ustozi Unai Emeri o‘z jamoasining muvaffaqiyati haqida fikr bildirdi.
«Bu biz uchun alohida kecha bo‘ldi. Muxlislarimiz stadionda ajoyib muhit yaratib berishdi. Shogirdlarim maydonda hayratlanarli darajada harakat qilishdi. Istanbulda final o‘yinini o‘tkazish — bu juda ajoyib voqea. Erishgan yutug‘imizdan faxrlanamiz», — deya ispaniyalik mutaxassisning so‘zlarini keltiradi klub matbuot xizmati.
Yevropa Ligasining hal qiluvchi bahsida Angliya klubiga Germaniyaning «Frayburg» jamoasi raqiblik qiladi.













