Maykl Kerrik “Manchester Yunayted” bosh murabbiyi sifatida kelajagi borasida fikr bildirdi.
“Rostini aytsam, bu savolni berganingiz uchun sizlarni ayblay olmayman. Ha, oldimizda yana ikki o‘yin bor, xolos. Hozircha faqat shuni bilamiz. Boshqa qo‘shimcha qiladigan gapim yo‘q. Balki sizlar ham shuni kutgandirsizlar. Vaziyat barchamiz uchun ancha tushunarli, shuning uchun o‘yinga tayyorgarlik o‘zgarmaydi», — dedi Kerrik.
Murabbiy, shuningdek, klub kelajagi va shartnoma masalalaridagi ishtiroki haqida ham gapirdi:
“Mening kelajagim yaqin orada hal bo‘ladi. Bu mavsum oxiriga yaqin yoki aynan yakunida ro‘y berishini avvaldan bilardik. Hech narsa o‘zgargani yo‘q. Hozircha holat shunday. Qolgani esa yaqin vaqt ichida ma’lum bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Ma’lumot uchun, Kerrik “Manchester Yunayted”ni 2026 yil yanvar oyida qabul qilib olgan. Uning qo‘l ostida jamoa 15 ta o‘yin o‘tkazib, 10 ta g‘alabaga erishdi. Ayni paytda mankunianliklar Angliya Premyer-ligasi jadvalida 65 ochko bilan uchinchi o‘rinni egallab turibdi.













