«Liverpul»ning chap qanot himoyachisi Endryu Robertson faoliyatini Angliya Premyer-ligasining boshqa bir klubi – «Tottenxem»da davom ettiradi. «Shporlar» uzoq vaqt davomida shotlandiyalik futbolchi uchun asosiy da’vogar bo‘lib kelishgan, biroq so‘nggi pallada «Yuventus» uni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi bo‘lgandi.
Jurnalist Fabrisio Romanoning ma’lum qilishicha, 32 yoshli futbolchi «keksa sinyora»ning taklifini rad etdi. Bunga sabab, u «Tottenxem» bilan allaqachon kelishib olgani va bergan va’dasini buzishni istamaganidir.
Endryu Robertson «Liverpul» safida to‘qqiz yil davomida to‘p surdi. U «qizillar» tarkibida barcha turnirlarda jami 378 ta o‘yinda maydonga tushgan, ikki karra Angliya chempioni bo‘lgan va bir marta Chempionlar ligasida zafar quchgan. «Tottenxem» esa joriy mavsumni 17-o‘rinda yakunlab, APLdagi o‘rnini saqlab qoldi.













