«Yuventus» himoyachisi Emil Xolm mushaklaridan olgan jarohati sababli 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok eta olmaydi. Bu haqda Shvesiya futbol federasiyasi rasman ma’lum qildi.
Shvesiya tomonining bergan ma’lumotiga ko‘ra, Xolmning tiklanishi uchun bir necha hafta talab etiladi.
«Albatta, bu biz uchun ham, ushbu bosqichda jamoani tark etishga majbur bo‘lgan Emil uchun ham juda mahzun xabar. Biz uning dardiga sherikmiz va tezroq sog‘ayib ketishini tilaymiz», — dedi shvedlar bosh murabbiyi Grem Potter.
Emil Xolmning o‘rniga terma jamoaga MLSning «Dallas» klubi a’zosi Xerman Yuxansson chaqirildi.
Jahon chempionatining guruh bosqichida Shvesiya terma jamoasi Tunis, Niderlandiya va Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.













