«Yuventus» klubi va hujumchi Dushan Vlaxovich shartnomani uzaytirish borasida baribir kelishuvga erisha olishmadi. Tomonlar uzoq vaqt davomida muzokaralar olib borishdi, biroq o‘zaro murosa yo‘lini topishning imkoni bo‘lmadi — endilikda serbiyalik futbolchi erkin agentga aylanadi.
«Tuttosport» nashrining xabar berishicha, Vlaxovich Turin klubi o‘ziga nisbatan sotqinlik qilgandek his etmoqda. Forvard o‘zini jamoa yetakchisi sifatida ko‘rgan va Luchano Spalletti qo‘l ostidagi «keksa sinyora»ning yangi loyihasi bir qismiga aylanishni istagan edi. Biroq klub rahbariyati futbolchining moliyaviy talablariga yaqin ham kelmadi va unga yon bosishni xohlamadi.
Dushan Vlaxovich 2022 yilning yanvar oyidan buyon «Yuventus» sharafini himoya qilib kelayotgan edi. 26 yoshli hujumchi «byankonerilar» safida jami 168 ta o‘yin o‘tkazib, 68 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.













