O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 avgustdagi O‘zbekistonda futbol sohasini raqamlashtirish va ommaviyligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi 262-sonli qarori ijrosi doirasida Superliga klublari uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan stadionlarda integrasiyalashgan kabellashtirish tizimini joriy etish ishlari davom ettirilmoqda.
Avvalroq, Farg‘onadagi «Istiqlol» stadionida kabellashtirish ishlari yakunlangani haqida xabar berilgandi.
Endilikda "Olmaliq" SM hamda "Xorazm" SM stadionlarida ham integrasiyalashgan kabellashtirish loyihasining asosiy bosqichlari yakunlandi. Hozirga qadar mazkur stadionlarda optik gibrid kabellashtirish tizimining asosiy qismi to‘liq o‘rnatildi. Ushbu dastur doirasida faqat audio kabellarni montaj qilish hamda Liga tomonidan loyihani yakuniy qabul qilish ishlari qolgan.
Rejalar to‘liq yakunlangach, OKMK va "Xorazm" klublari stadionlari ham zamonaviy translyasiya standartlariga javob beradigan integrasiyalashgan kabellashtirish tizimiga ega stadionlar qatoridan o‘rin oladi. Bu esa uchrashuvlarni yuqori sifatda translyasiya qilish, VAR texnologiyasidan samarali foydalanish hamda stadionlarning xalqaro talablarga mos texnik infratuzilmasini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, mazkur dastur doirasida Nukus shahrida rekonstruksiya qilinayotgan «Aral» klubining «Turon» stadionida ham zarur tayyorgarlik ishlari amalga oshirilgan. Stadiondagi qurilish va ta’mirlash jarayonlarining yakuniy bosqichidan kelib chiqib, yaqin kunlarda integrasiyalashgan kabellashtirish tizimini o‘rnatish ishlarini boshlash rejalashtirilgan.













