Kolumbiya milliy terma jamoasi sardori Xames Rodriges Jahon chempionati guruh bosqichida O‘zbekiston ustidan qozonilgan g‘alabadan (3:1) so‘ng o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Tajribali futbolchi o‘yin unga katta his-hayajon taqdim etganini va raqibning taktik jihatdan yaxshi tayyorgarlik ko‘rganini ta’kidladi.
“O‘zbekistonga qarshi uchrashuv men uchun xuddi maydonga ilk bor tushayotganimdek o‘ziga xos bo‘ldi. Madhiya yangraganida vujudimdan o‘tgan hislarni so‘z bilan ta’riflab berish qiyin, bundan juda baxtiyorman. Oxirgi uch oy men uchun bir oz og‘ir kechgandi. Biroq jamoadoshlarim va murabbiylar shtabining qo‘llab-quvvatlashi tufayli o‘zimni yana baxtiyor his qilyapman. Bugun ajoyib o‘yin o‘tkazdik.
O‘zbekiston taktik jihatdan kuchli jamoa ekan, ular butun jamoa bo‘lib chuqur himoyalanishdi. Shu sababli, to‘pni uzatish va o‘yinni tashkil qilish uchun orqaroqqa qaytishga majbur bo‘ldim. Men bo‘shatgan zonalarga esa Puerta va Jon Arias kirib borishdi. Yoningizda shunday iqtidorli yigitlar bo‘lganida, maydonda harakat qilish ancha oson kechadi”, deydi 34 yoshli futbolchi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonni mag‘lub etgan Kolumbiya 3 ochko bilan guruh peshqadamiga aylanib oldi. Avvalroq o‘zaro durang o‘ynagan Portugaliya va Kongo DR terma jamoalari hisobida bittadan ochko mavjud. Xames Rodriges sardorligidagi jamoa navbatdagi 2-tur uchrashuvini 24 iyun kuni Kongo DR terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.













