«Atalanta» klubining qanot himoyachisi Marko Palestra tez orada «Inter»ga o‘tishi kutilmoqda.
Avvalroq Italiyaning yakunlangan chempionatidagi eng yaxshi himoyachisining transferi «Inter» uchun bonuslar bilan birgalikda 50 million yevroga tushishi haqida xabar berilgan edi.
Transfermarkt.it portalining ta’kidlashicha, kelishuvning kafolatlangan summasi 45 million yevroni tashkil etadi. Agar ushbu transfer amalga oshsa, Palestra Italiya A Seriya tarixidagi eng qimmat xarid qilingan himoyachiga aylanadi. Ayni paytda ushbu reytingni 2020 yilda Madridning «Real» klubidan «Inter»ga 43 million yevro evaziga o‘tgan Ashraf Hakimiy boshqarib turibdi.
Palestra 2025/26 yilgi mavsumni ijara asosida «Kalyari» klubida o‘tkazdi. Mazkur jamoa tarkibida u 37 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.













