«Nyukasl»ning italiyalik yarim himoyachisi Sandro Tonali haqiqatan ham «Milan»ga qaytishni orzu qilishi haqidagi savolga javob berdi.
«Bu mavzuda doimo ko‘plab mish-mishlar yuradi, biz bu haqda muntazam ravishda hazillashib turamiz. Ammo agar qachondir menda haqiqatan ham «Milan»ga qaytish imkoniyati paydo bo‘lsa, biz buni jiddiy muhokama qilamiz», — deya Tonalining so‘zlarini jurnalist Fabrisio Romano keltirmoqda.
Avvalroq, tez orada 26 yoshli Tonali Londonning «Tottenxem» klubi a’zosiga aylanishi ma’lum bo‘lgan edi. 2 iyul kuni futbolchi tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak, shundan so‘ng «shporlar» bilan shartnoma imzolanadi.
Tonali 2020 yildan 2023 yilgacha «Milan» safida to‘p surgan. Ushbu davr mobaynida u 130 ta uchrashuvda maydonga tushib, 7 ta gol urdi va o‘z hisobiga 13 ta golli uzatmani yozdirib qo‘ydi.













