«Chelsi» matbuot xizmati yarim himoyachi Jessi Derri bilan shartnoma uzaytirilganini e’lon qildi.
Yosh futbolchi bilan tuzilgan yangi kelishuv 2032 yilning 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan. O‘yinchi London klubi safidagi debyutini joriy yilning fevral oyida Angliya kubogi doirasida «Xall Siti»ga qarshi o‘yinda o‘tkazgan edi.
«Kelajagimni «Chelsi» kabi buyuk klubga bog‘lash — bu orzularning ushalishi. Oldinda meni nimalar kutayotganidan hayajondaman. So‘nggi 12 oy ichida o‘zimni «Chelsi»ga ilk bor kelgan paytimdagidan butunlay boshqacha futbolchi sifatida his qilyapman va bu men ishlagan barcha murabbiylarning xizmatidir. O‘tgan mavsumda asosiy jamoada biroz o‘ynash tajribasiga ega bo‘lgach, karyeramni davom ettirish uchun bundan yaxshiroq joyni tasavvur qila olmasdim», — dedi Derri.
Eslatib o‘tamiz, Jessi Derri «Chelsi» safiga 2025 yilning yozida «Kristal Pelas»dan o‘tgan edi. May oyida futbolchi «Nottingem»ga qarshi o‘yinda hushidan ketib, jiddiy jarohat olgandi.













