Angliya terma jamoasi yarim himoyachisi Jud Bellingem 2026 yilgi jahon chempionati 1/4 finalida Norvegiyaga (2:1) qarshi kechgan bahs davomida chap yelkasida muammolarga duch keldi. Futbolchi jurnalistlar oldiga chiqishdan oldin ham avval operasiya qilingan yelkasini ushlab turgan. Bu haqda AS xabar bermoqda.
Avvalroq Bellingem 2022 yildan, ya’ni Dortmundning «Borussiya» klubida o‘ynagan davridan beri yelkasidagi og‘riqlardan aziyat chekib kelayotgani xabar qilingandi. 2023 yilda, Madridning «Real» klubi safida harakat qilayotganda, Bellingem «Rayo Valyekano»ga qarshi o‘yinda omadsiz yiqilib, yelkasi chiqib ketgan edi. Yarim himoyachi zarur operasiyani 2025 yilning yozigacha ortga surib kelgan. Operasiyadan so‘ng Bellingem 2025/2026 yilgi mavsum boshlanishini o‘tkazib yuborgan edi.
Jahon chempionati yarim finalida Angliya Argentina bilan to‘qnash keladi (15 iyul).













