Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/07 20:00 Surxon 1-2 Dinamo
23/07 20:00 Navbahor 1-1 Qizilqum

JCH-2030 finali mezbonligi uchun Ispaniya va Marokash o‘rtasida jiddiy kurash boshlandi

JCH-2030 finali mezbonligi uchun Ispaniya va Marokash o‘rtasida jiddiy kurash boshlandi

Baho:
+ | -

Jahon chempionati 2030-yilda Marokash, Portugaliya va Ispaniya maydonlarida bo‘lib o‘tadi, biroq turnirning hal qiluvchi final uchrashuvi qayerda o‘tkazilishi borasida FIFA hozircha yakuniy qarorni e’lon qilmadi. Ayni paytda ushbu o‘yinga mezbonlik qilish uchun Ispaniya va Marokash o‘rtasida jiddiy siyosiy hamda diplomatik kurash boshlangan.

Ispaniya tomoni final uchrashuvi aynan o‘z hududida o‘tkazilishini ta’kidlamoqda. Mezbonlik uchun ikkita asosiy nomzod ko‘rib chiqilyapti: 2024-yil oxirida keng ko‘lamli ta’mirdan chiqqan va sig‘imi 83 000 taga yetkazilgan Madriddagi “Santyago Bernabeu” hamda rekonstruksiyadan so‘ng 105 000 muxlisni qabul qila oladigan, biroq ta’mirlash ishlari jadvaldan ortda qolayotgan Barselonadagi “Kamp Nou” stadionlari.

O‘z navbatida, Marokash ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Mamlakat Kasablanka shahri yaqinida qiymati 12 milliard dollar bo‘lgan, 115 000 o‘ringa mo‘ljallangan yangi “Hasan II” stadionini barpo etmoqda. 2027-yilning oxirida qurilishi bitishi kutilayotgan ushbu o‘yingoh jahon futbolidagi eng yirik stadion bo‘lishi mumkin.

Ispaniya futbol federasiyasi prezidenti Rafayel Luzan joriy yilning yanvar oyida final o‘yini Ispaniyada o‘tishini qat’iy ishonch bilan ta’kidlab, pinhona lobbizm kurashini boshlab yuborgan edi. U o‘z so‘zida Marokashda o‘tkazilgan Afrika Millatlar Kubogi doirasidagi tartibsizliklarni eslatib o‘tdi.

“Ispaniya ko‘p yillar davomida o‘zining tashkiliy ishlari bilan maqtanib kelgan va shuning uchun JCH-2030 da ham final o‘yiniga biz mezbonlik qilishimiz kerak. Marokash haqiqatan ham rivojlanish bosqichidan o‘tmoqda, ammo Afrika Kubogi doirasidagi ba’zi holatlar nafaqat ushbu turnirga, balki butun jahon futboli obro‘siga putur yetkazadi”, dedi Luzan.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Rabotdagi 69 500 o‘rinli “Shahzoda Mulay Abdulla” stadionida Senegal va Marokash o‘rtasida kechgan o‘yinda muxlislar tartibsizligi hamda uchrashuvning to‘xtab qolishi kabi noxush holatlar kuzatilgan edi.

Marokash futbol federasiyasi rahbari Fuzi Lekja ispanlarning ushbu e’tirozlariga bosiqlik bilan munosabat bildirdi:

“O‘yinlarni taqsimlash bo‘yicha hozircha hech qanday qaror qabul qilinmagan. Bu masalalar faqatgina uchta mezbon davlat va FIFA o‘rtasidagi o‘zaro maslahatlashuvlar doirasidagina hal etiladi”.

Biroq manbalarning ta’kidlashicha, Marokash parda ortida final Kasablankada o‘tishi uchun faol harakat qilmoqda va bu kurash kelgusida yanada qizg‘in tus olishi kutilmoqda. Agar yakunda Kasablanka tanlansa, Afrika qit’asi o‘z tarixida ikkinchi marta mundial finaliga mezbonlik qiladi. Bungacha faqatgina 2010-yilda Yoxannesburg (JAR) finalga mezbonlik qilgan. Ispaniya esa so‘nggi bor 1982-yilgi mundial finaliga mezbonlik qilgan — o‘shanda “Santyago Bernabeu”da kechgan o‘yinda Italiya GFRni 3:1 hisobida mag‘lub etgan.

Kiritildi: 20:18, 23.07.2026.
O'qildi: 641 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик