Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messining ajdodlari orasida Braziliya bilan bog‘liq ildizlar aniqlandi. Bu haqda Globo nashri italiyalik tarixchi Fyorenso Santinining tadqiqotiga tayanib xabar berdi. Olim futbolchining shajarasini uch yildan ortiq vaqt davomida o‘rgangan.
Tadqiqotga ko‘ra, Messining ona tomonidan katta bobolaridan biri — Federiko Kuchchittini 1904 yil 27 yanvarda Braziliyaning San-Paulu shtatidagi Ribeyran-Pretu shahrida tug‘ilgan. Uning ota-onasi — italiyalik Ranyero Kochchettini va Roza Rikkessa 1899 yili Washington kemasida Braziliyaga kelib, San-Paulu shtati qishloq hududidagi fermalarda mehnat qilgan.
Tarixchining ta’kidlashicha, oilaning familiyasi aynan Braziliyada o‘zgargan. Ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtida Arderigo Kochchettiniga Federiko ismi berilgan, Coccettini familiyasi esa Cuccittini ko‘rinishiga o‘zgartirilgan. Keyinchalik aynan shu familiyani Messining onasi Seliya Mariya Kuchchittini ham olgan.
Federiko tug‘ilganidan bir yil o‘tib, oila Argentinaning Rosario shahriga ko‘chib o‘tgan. Keyinchalik shu yerda futbolchining bobosi Antonio Kuchchittini va ortidan Lionel Messining o‘zi dunyoga kelgan.
Santinining aytishicha, u Messi oilasi tarixini futbolchi «Barselona»da endigina porlay boshlagan paytlarda o‘rganishga kirishgan. Tadqiqot 2019–2022 yillarda olib borilgan va natijada Messining ona tomonidan shajarasi qayta tiklangan. Tarixchiga ko‘ra, Italiyada deyarli uchramaydigan Cuccittini familiyasi oilaning Braziliya bilan bog‘liqligini aniqlashga yordam bergan.
Qayd etilishicha, hozirda Messining qarindoshlari Braziliyada yashamaydi. Oila 1905 yildayoq bu mamlakatni tark etib, Argentinaga ko‘chib o‘tgan.













