«Shtutgart» boshqaruv raisi Aleksander Verle «Bavariya»ning hujumchi Nik Voltemade bo‘yicha taklifini masxara qildi.
O‘tgan yozda myunxenliklar germaniyalik futbolchini o‘z saflariga qo‘shib olishga harakat qilishgan va hatto u bilan og‘zaki kelishuvga erishishgan edi. Biroq «Shtutgart» o‘yinchini taklif qilingan 60 million yevroga sotishdan bosh tortgan va kamida 75 million yevro talab qilgan.
«Biz «Bavariya»ning g‘ashiga tegishga harakat qilganimiz yo‘q. Shunchaki takliflardagi farq juda katta edi. Voltemade uchun ular sariyog‘li breseldan salgina qimmatroq narx taklif qilishdi», — dedi Verle klub a’zolarining har yilgi yig‘ilishida.
Mutasaddi, shuningdek, Germaniya kubogi finalidagi muxlislar qo‘llab-quvvatlovi borasida ham myunxenliklar ustidan piching qildi.
«Men birorta ham «Bavariya» muxlisining ovozini eshitmadim», — dedi Verle va stadionda faqat «Shtutgart» fanatlarining ovozi eshitilganini ta’kidladi.













