Afrika futbol konfederasiyasi (KAF) Jahon chempionati huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish rejasi sabab bosim ostida qolgan FIFA prezidenti Janni Infantinoga o‘z xayrixohligi va qo‘llab-quvvatlovini bildirdi.
Chorshanba, 5 avgust kuni Infantino Rabatda FIFA rahbariyati bilan shoshilinch uchrashuv o‘tkazib, FIFA Forward Enterprise tijoriy loyihasini ilgari surishda yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun uzr so‘radi.
«KAF FIFA prezidenti Janni Infantino va bosh kotib Mattias Grafstryomning qo‘shma bayonotini olqishlaydi va qo‘llab-quvvatlaydi. KAF Afrika futbolini rivojlantirishga asosiy e’tiborini qaratishda davom etadi, federasiya amaldagi boshqaruv va shaffoflik tamoyillariga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi», — dedi KAF prezidenti Patris Motsepe.
Bayonotda, shuningdek, KAF ijroiya qo‘mitasi bir ovozdan Infantinoni qo‘llab-quvvatlagani va Afrika futboliga ko‘p yillardan beri ko‘rsatib kelayotgan yordami uchun minnatdorchilik bildirgani qayd etilgan. Alohida minnatdorchilik muvaffaqiyatli deb topilgan JCH-2026 turnirini tashkil etgani uchun bildirildi.
Oldinroq Infantino Jahon chempionatining tijoriy huquqlari bir qismini xususiy investorlarga sotish tashabbusi bilan chiqqan, biroq keskin tanqidlardan so‘ng bu g‘oyadan voz kechgan edi. Loyiha FIFAning asosiy erkaklar va ayollar turnirlarini boshqarishi kerak bo‘lgan FIFA Forward Enterprise kompaniyasini tashkil etishni nazarda tutgan edi. Tashkilot ushbu sxema taxminan 4,2 milliard dollar daromad keltirishi mumkinligini ta’kidlagan, ammo bu tashabbus futbol funksiyanerlari, milliy federasiyalar va boshqa tashkilotlar tomonidan keskin qarshilikka uchradi.













