«PSJ» bosh murabbiyi Luis Enrike qo‘lga kiritilgan unvonlarga qaramay, doimo o‘z ustida ishlashga harakat qilishini ta’kidlab, o‘zini daho deb hisoblamasligini aytdi.
Ispaniyalik mutaxassis murabbiy sifatida «Barselona» va «PSJ» bilan 21 ta sovrinni qo‘lga kiritgan.
«Men daho emasman va bunday bo‘lishni xohlamayman. Nazarimda, men raqobatlashish uchun tug‘ilganman — aynan shu narsada o‘zimni eng qulay his qilaman. Tennis, padel, futbol o‘ynaymanmi yoki mashg‘ulot o‘tkazamanmi, farqi yo‘q — menga raqobatlashish yoqadi.
Manda doimo yaxshilanishga bo‘lgan intilish bor: jamoa o‘yinini, futbolchilar bilan munosabatlarni, jamoa bilan o‘zaro aloqani yaxshilash, oldimga qo‘yilgan talablarni bajarish, jamoani yaxshiroq his qilish va undan maksimal natija olish.
Lekin men buni shunchaki murabbiy bo‘lganim va futbolchilarga nimanidir buyura olishim uchun emas, balki ishontirish orqali qilishni yaxshi ko‘raman. O‘yinni tushunishga va uni o‘yinchilarga imkon qadar oddiyroq tushuntirishga harakat qilish manga yoqadi. O‘ylashimcha, aynan shu narsa meni rivojlanishda davom etishga majbur qiladi.
Hozir menga: «Siz juda ko‘p unvonlarni qo‘lga kiritdingiz», deyishganida, bu men uchun endi hech qanday ahamiyatga ega emas. Bularning bari o‘tmishda qoldi, bu endi tarix», — dedi Enrikening so‘zlarini RMC Sport.













