Londonning "Arsenal" klubi 19 yoshli yarim himoyachisi Itan Nvaneri yozgi transfer oynasi yopilguniga qadar jamoani tark etish niyatida. Bu haqda jurnalist Ekrem Konur xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, yosh futbolchiga "Milan" jiddiy qiziqish bildirmoqda. Italiya grandi vakillari Nvanerining ehtimoliy transferi yuzasidan "Arsenal" bilan allaqachon aloqaga chiqqan.
Qayd etilishicha, transfer bo‘yicha yakuniy qarorni futbolchining o‘zi qabul qiladi.
Nvaneri o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmini Fransiyaning "Marsel" klubida ijara asosida o‘tkazdi. U fransuz jamoasi safida 11 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Itan Nvanerining "Arsenal" bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 35 mln yevroga baholamoqda.













