Londonning «Arsenal» klubi bosh murabbiyi Mikel Arteta jamoaning yangi himoyachi sotib olish niyatida ekanini tasdiqladi. Jurnalistlar va OAV berayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, yaqin orada «kanonirlar» safini Ezri Konsa to‘ldiradi — «Aston Villa» 28 yoshli markaziy himoyachini sotishga rozi bo‘lgan.
«Biz transfer bozorida haqiqatan ham faolmiz, bu haqda bir necha kun oldin ham aytgan edim. Maqsad — tarkibni kuchaytirish. Mudofaa chizig‘imizda Salibaning og‘ir jarohati sababli muayyan muammo yuzaga kelgan va biz ushbu hududga mustahkamlik bag‘ishlashga harakat qilyapmiz. Hamma narsa tayyor bo‘lgach — e’lon qilamiz. Men har doim ijobiy kayfiyat va ishonchni saqlashga harakat qilaman. Ba’zi narsalar mening nazoratimda emas, hamma narsa ham bizga bog‘liq emas, ammo himoya markazini kuchaytirish niyatidamiz va buning uchun barcha imkoniyatni ishga solamiz», — deydi Arteta.
«Arsenal» juma kuni Premyer-liganing 1-turi doirasida o‘z maydonida «Koventri» jamoasini qabul qiladi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da (21 avgustdan 22 avgustga o‘tar kechasi) boshlanadi.













