"Vest Xem" "Manchester Siti"ning 18 yoshli hujumkor yarim himoyachisi Divayn Mukasani ijaraga olganini rasman e’lon qildi. Kelishuv 2026/27 yilgi mavsum yakuniga qadar amal qiladi.
"Qaytganimdan juda xursandman. Yana futbol o‘ynashni boshlash imkoniyatidan mamnunman. Qaytish imkoniyati paydo bo‘lganini eshitganimda, men uchun qaror qabul qilish juda oson bo‘ldi.
Men shu yerga yaqin joyda tug‘ilganman va akademiyada qariyb o‘n yil tarbiyalanganman. O‘yin uslubimdan kelib chiqib, vaziyatlar yaratish, gollar urish va jamoaning g‘alaba qozonishiga yordam berishni istayman.
Jamoaga qo‘shilganimdan juda xursandman va klubni o‘zi munosib bo‘lgan joyga qaytarishga yordam berishga harakat qilaman", — dedi Mukasa.
Mukasa "Vest Xem" tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 2013 yilda klub akademiyasiga qo‘shilgan va 2023 yilda "Manchester Siti" tizimiga o‘tgan. O‘tgan mavsumda futbolchi "shaharliklar"ning asosiy jamoasida debyut qildi.
2025/26 yilgi mavsumning ikkinchi yarmini angliyalik futbolchi "Lester"da ijara asosida o‘tkazdi. U 16 ta uchrashuvda 2 ta gol va 3 ta golli uzatma qayd etdi.
"Vest Xem" esa o‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra Premyer-ligani tark etib, Chempionshipga tushib ketgan.













