"RB Leypsig" "Milan" hujumchisi Kristofer Nkunkuni o‘z safiga qaytarishga yaqin turibdi.
Insayder Fabrisio Romano ma’lumotiga ko‘ra, klublar 28 yoshli fransuz futbolchisining transferi bo‘yicha og‘zaki kelishuvga erishgan. "Leypsig" Nkunkuni 3,5 million yevro evaziga ijaraga oladi va keyinchalik uni qariyb 30 million yevroga sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Endi tomonlar hujjatlarni rasmiylashtirishi qolgan.
Futbolchining o‘zi avvalroq sobiq klubiga qaytishga rozilik bildirgan.
Nkunku 2019-2023 yillar davomida "RB Leypsig" sharafini himoya qilgan. U nemis klubi safida barcha musobaqalarda 172 ta uchrashuv o‘tkazib, 70 ta gol urgan va 56 ta golli uzatma amalga oshirgan.
2023 yilda fransuz "Chelsi"ga ko‘chib o‘tdi, 2025 yildan esa "Milan" sharafini himoya qilib kelmoqda. Endi Nkunku uch yillik tanaffusdan so‘ng "Leypsig"ga qaytishi kutilmoqda.













