Fabyen Bartezning Fransiya terma jamoasi yangi bosh murabbiyi Zinedin Zidan shtabiga tayinlanishi sobiq darvozabonda yuqori malakasini tasdiqlovchi murabbiylik diplomlari yo‘qligi sababli bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Bu haqda Goal xabar berdi.
Fransiya terma jamoasining sobiq futbolchisi Jerom Roten Bartezga qaratilgan tanqidlarni keskin qoralab, rasmiy talablarga ortiqcha ahamiyat bermaslikka chaqirdi.
«Zidan terma jamoaga kelgach, o‘z murabbiylar shtabini shakllantirdi. Ularga ishlashga imkon bering! Hamma Zizuni Fransiya terma jamoasi boshida ko‘rishni orzu qilgan edi. Qanday qilib kimdir Bartezda zarur lisenziyalar yo‘q yoki unga shtabda joy yo‘q, deb aytishi mumkin? Axir biz Bartez haqida gapiryapmiz! U darvozabonlikda inqilob qilgan inson. Bu ishonchga loyiq bo‘lish uchun yetarli emasmi? Bu yerda muhokama qiladigan narsaning o‘zi yo‘q», — dedi Roten.
Bartez 1998 yilgi jahon chempioni hisoblanadi. Shuningdek, u 1993 yilda «Marsel» safida Yevropa chempionlar kubogini qo‘lga kiritgan. Ayni paytda mutaxassis murabbiylik lisenziyasini olish uchun tahsil olmoqda.













