Dominik Livakovich bugun rasman «Barselona»ning yangi futbolchisiga aylanishi kutilmoqda.
Darvozabon seshanba kuni Barselona shahriga yetib kelgan va kecha ertalab tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tgan edi. Dastlab klub chorshanba kuni u bilan 2030 yilga qadar mo‘ljallangan shartnoma imzolanganini rasman e’lon qilishi kutilgandi.
Biroq kelishuv chorshanba kuni imzolanganiga qaramay, rasmiy e’lon payshanbaga qoldirildi. Bunga sabab «Barselona» transferni to‘liq rasmiylashtirish va so‘nggi byurokratik masalalarni hal qilish uchun «Fenerbaxche»dan yakuniy hujjatlarni olishi kerakligi bo‘ldi. Turkiya klubi esa kecha Chempionlar ligasida «Lion»ga qarshi o‘yin o‘tkazgani sababli barcha jarayonlarni bugunga qoldirdi.
Shartnoma imzolanganidan keyin ham Livakovichning kelajagi bo‘yicha noaniqlik saqlanib qolmoqda. U jamoada ikkinchi raqamli darvozabon sifatida qolishi yoki bir mavsumga ijaraga berilib, Voysex Shesnining shartnomasi tugaydigan kelasi yili «Barselona»ga qaytishi mumkin.
Hansi Flik ham chorshanba kuni «Atletik»ka qarshi o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu variantlarni tasdiqladi.
Kataloniyaliklar Livakovichni tarkibga ro‘yxatdan o‘tkaza oladimi-yo‘qmi, buni aniqlash uchun yana bir necha kun kutishlari kerak. Klub moliyaviy feyr-pley talablari doirasida yetarli mablag‘ mavjudligiga ishonch hosil qilishi lozim.













