«Yuventus» Frank Kessie va uning vakillari bilan potensial transferni muhokama qildi. Turinliklar 29 yoshli yarim himoyachiga ikki yillik shartnoma taklif qilmoqda. Bitimda shartnomani yana bir mavsumga uzaytirish imkoniyati ham mavjud.
La Gazzetta dello Sport ma’lumotiga ko‘ra, Kessiega yillik 3,5 million yevro maosh taklif qilingan.
Endi barchasi Kessiening qaroriga bog‘liq, chunki «Yuventus» taklif qilingan summani oshirish niyatida emas. «Byankoneri» moliyaviy xarajatlar va UEFAning moliyaviy talablari bilan bog‘liq cheklovlarni hisobga olgan holda transfer bozorida harakat qilishi kerak. Muzokaralar jadal davom etmoqda, futbolchining vakillari esa taklifni ko‘rib chiqmoqda.
Erkin agent maqomidagi Kessiega Jan Pyero Gasperini boshqarayotgan «Roma» ham qiziqish bildirmoqda. Gasperini avval «Atalanta»da Kessie bilan birga ishlagan.
Kessiening o‘zi esa «Yuventus»ga o‘tishni ustuvor deb hisoblamoqda. Ivuarlik futbolchi hali ham A Seriyada raqobatlasha olishiga ishonmoqda.













