«Fulxem»ning yangi hujumchisi Gonsalo Garsiya Angliyadagi faoliyatini yuqori samaradorlik bilan boshladi. 22 yoshli ispaniyalik futbolchi yangi klubi safidagi dastlabki ikki rasmiy uchrashuvining har ikkisida gol urdi.
Garsiya 24 avgust kuni Premyer-liganing «Chelsi»ga qarshi bahsida asosiy tarkibda maydonga tushib, «Fulxem»ning gollaridan biriga mualliflik qildi. London derbisi «Chelsi»ning 3:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Uch kundan keyin hujumchi Angliya Liga kubogida AFK «Uimbldon»ga qarshi zaxiradan maydonga tushdi va qo‘shib berilgan vaqtda uchinchi golni kiritdi. «Fulxem» 3:0 hisobida g‘alaba qozonib, musobaqaning uchinchi bosqichiga yo‘l oldi.
Shu tariqa, Garsiya «Fulxem»dagi dastlabki ikki rasmiy o‘yinida jami 107 daqiqa harakat qilib, 2 ta gol urdi. Ya’ni u hozircha o‘rtacha har 54 daqiqada bittadan gol qayd etmoqda.
«Fulxem» Garsiyani 3 avgust kuni «Real Madrid»dan tarkibiga qo‘shib olgan. Futbolchi London klubi bilan 2031 yilgacha shartnoma imzolagan, kelishuvni yana bir mavsumga uzaytirish imkoniyati ham mavjud. U 2025/26 yilgi mavsumda «Real» safida 39 o‘yinda 8 ta gol va 3 ta assist qayd etgan edi.













